Maqsadga intilib yashash xayrlidir (+video)
Yurtimizda aholining, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bu turdagi fuqarolarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda hududlarda tashkil etilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mahalladagi ijtimoiy xodimlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatilib, ular kasb-hunarga o‘qitilmoqda, bandligi ta’minlanmoqda.
Nurota tumanining G‘afur G‘ulom mahallasida istiqomat qiluvchi Jaloliddin Sohibov garchi boshiga musibat tushsa ham olg‘a intiladigan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat qiladigan yurtdoshlarimizdan biri. U avtohalokat tufayli to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsa-da, o‘zining kuchli irodasini namoyon etib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Ijtimoiy xodim tomonidan oila individual yondashuv asosida kompleks baholanib, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. Jumladan, Jaloliddinga reabilitatsiya texnik vositasi olib berilib, viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markaziga yo‘llanma berildi.
– 2018 yilda avtohalokatga uchraganimdan keyin, harakatlarim ancha sust edi. O‘zim mustaqil harakat qilolmasdim, – deydi J.Sohibov. – Keyinchalik o‘z oldimga maqsad qo‘ydim. Faqat oldinga intilish, oyoqqa turishim kerak deb. Ijtimoiy xodim kelib, xabar olib turibdi. Davolanishim uchun reabilitatsiyaga olib borib kelmoqda. Avvallari, aravachada ko‘chaga chiqishga uyalar edim, hozir hammasi ortda qoldi. Mahallaga elektr skuter beringlar yoki mablag‘ ajratinglar, tadbirkorlik qilay, deb murojaat qilgandim. Uyda bekor o‘tirish kishini ezib tashlar ekan. Skuter olgandan keyin mahallamizda ochilgan issiqxonadan pomidor olib ko‘chalarga aylanib sota boshladim. Bozorga olib chiqib sotdim. Baliq mavsumida Aydarko‘ldan baliq keltirdim. Qovun-tarvuz sotaman. Daromad yomon emas. Inson bir joyda to‘xtab qolmasligi kerak. Odam doimo harakatda bo‘lishi kerak.
Hozirda Nurota tumanida 4014 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 212 nafari reabilitatsiyaga yuborilgan bo‘lsa, 248 nafariga protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari olib berilgan.
[gallery-20078]
– Men uchta – G‘ofir G‘ulom, Mirishkor va Nurobod mahallalariga xizmat ko‘rsataman, – deydi ijtimoiy xodim Gulmaira Azimova. – Bu mahallalarda 9 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ularning 439 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillaridir. Xonadonlarda xatlov o‘tkazish jarayonida ulardagi muammolar, takliflar o‘rganilib, hozirgi kunga qadar 40 ta keys ochilgan. Ularning qiziqishlari inobatga olingan holda chora-tadbirlar belgilaganmiz. Jumladan, Jaloliddin Sohibovga hokim yordamchisi bilan birgalikda imtiyozli kredit asosida elektr skuter olishiga yordamlashdik. Bugungi kunda u oilasi bilan ko‘chalarni aylangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotmoqda. Shuningdek, bozorda ham sog‘lom insonlar bilan birgalikda savdo rastasida xizmat qiladi. Yaqinda sog‘ligini tiklashi uchun Navoiy shahridagi reabilitatsiya markaziga yo‘llanma ajratdik.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HbgSJ0EXGvs" title="Maqsadga intilib yashash xayrlidir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ha, bugun Jaloliddin turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda ko‘chma oziq-ovqat do‘konini tashkil qilib, elga xizmat qilyapti. Asosiysi, oilaning moliyaviy holati yaxshilanib, daromadlari oshib bormoqda. Bundan ruhlanayotgan Jaloliddin esa faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari