Maqsad, aholiga huquqiy ko‘maklashish
Navoiy viloyati adliya organlari tizimida tashkil etilgan “Sayyor qabullar haftaligi” doirasida viloyatning olis va cho‘l hududlari hisoblangan Uchquduq va Tomdi tumanlarida aholi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Sarabekov, viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev va tuman sektor rahbarlari ishtirok etdi.
bugungi kunda Uchquduq tumanida 43181 nafar, Tomdi tumanida esa 10900 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Bu maskanlarda fuqarolarning asosiy muammosi ishsizlik, uy kadastri va moddiy ta’minot bilan bog‘liq.

Qabul mobaynida mazkur masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda muhokama etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va yoshlar muammosi alohida nazoratga olindi.
2005 yilda tug‘ilgan Milana Ottashuk ayni paytda Uchquduq tumanida istiqomat qiladi. Uning otasi vafot etgan va boquvchisi yo‘q. Shu bois, u byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa puli olish yuzasidan ariza bergan. Biroq tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini yo‘qotgani va otalikni belgilash haqidagi ma’lumotnomasi mavjud bo‘lmagani uchun fuqaroning arizasi rad etib kelingan. Sayyor qabulda Milananing mazkur muammosi adliya organlari tomonidan ijobiy hal etib berildi.

– Eng katta muammo hal etib berildi, – deydi M.Ottashuk. – Shu yerning o‘zida kerakli hujjatlar tayyorlandi. Onam bor, u 1-guruh nogironi. Yonida qarovchisi bo‘lmasa mustaqil hatto suv ham icholmaydi. Onamga qarab turganim uchun boshqa biror ish qilishga imkonim yo‘q. Keyingi oydan boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa pullarimni olaman.
Muloqotlar davomida adliya organlari tomonidan 90 dan ortiq murojaatlar qabul qilingan bo‘lib, 20 ga yaqiniga huquqiy tushuntirish berildi. 40 dan ortiq murojaat ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 17 tasi tegishliligiga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlariga yuborilib, 13 tasi o‘rganish uchun ish yurituviga qabul qilindi.
Sayyor qabulda fuqarolarga 20 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA