Maqsad – aholi bandligini ta’minlash
Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov boshchiligidagi ishchi guruhi Olot tumanida bo‘ldi.
Ishchi guruhi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, migratsiyada bo‘lgan hamda migratsiyadan qaytgan fuqarolar bilan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosini o‘rgandi.
Dastlab, “Xalifa” mahalla fuqarolar yig‘ini beshligi bilan suhbatlashildi. Ularning mahalla fuqarolar yig‘inidagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan tanishildi. Jumladan, mazkur mahallada joylashgan tadbirkor Azizjon G‘aybullayev tomonidan tashkil etilgan “Do‘stlik qog‘ozlari” oilaviy korxonasi faoliyati o‘rganildi.


Korxona joriy yil mart oyida hokim yordamchisi tavsiyasi asosida ajratilgan 52 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan. Korxona quruq qog‘oz (salfetka) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada ikkita doimiy ishchi o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozorda sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona rahbari bilan korxonaning biznes rejasi, shu jumladan, qilingan xarajatlar va olinayotgan daromadlar, faoliyatni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar xususida suhbatlashildi.


Shuningdek, ishchi guruhi “Bukhara gold star moto” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘ldi.
Mazkur jamiyat ham joriy yilda tashkil etilgan. Unga yoshlar sanoat zonasidan 1,7 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Unda umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan motoroller ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihasini amalga oshirish doirasida bino va inshootlar barpo qilinmoqda. Jamiyat sentyabr oyidan dastlabki mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlaydi. Korxonada dastlabki bosqichda 5 xil turdagi motorollerlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 60 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Korxona ta’sischisi E. Quvvatov bilan suhbatda korxonani to‘liq ishga tushirilishi uchun mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar o‘rganildi.

Ishchi guruhning navbatdagi o‘rganishlari “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. Mahalla fuqarolar yig‘ini beshligi bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolar bilan olib borilayotgan ishlar, ularga ko‘rsatilayotgan yordamlar, jinoyatchilik bo‘yicha mahalla “qizil” hududga kirganligi va uning sabablari keng muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, ishchi guruhi Bahodir Jumayev xonadonida bo‘ldi. Xonadon sohibining farzandlari Zarif va Oriflarning xorij davlatida qanday yumush bilan bandligi, daromadi va oilaning boshqa muammolari o‘rganildi.

Shu kuni “Ayollar daftari”ga kiritilgan Dinara Saidovaga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. Uni ish bilan band qilinganligi holati o‘rganildi. O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, fuqaroning turmush o‘rtog‘i migrant va unga ko‘rsatilgan yordam tufayli bugungi kunda tadbirkor Zamira Qulmatova tomonidan bunyod etilgan ikki qavatli xizmat ko‘rsatish binosining ikkinchi qavatini ijaraga olib, shu yerda faoliyatini olib bormoqda. Xuddi shunday kredit asosida tikuv mashinasi olib berilgan Mahliyo Ro‘zimurodova ham shu yerda tikuvchilik bilan shug‘ullanmoqda.

Ishchi guruhning o‘rganish natijalari yuzasidan tuman hokimligi majlislar zalida viloyat tashkilotlari rahbarlari, tuman sektor rahbarlari, tumandagi iqtisodiy kompleks rahbarlari hamda mahallalardagi beshlik ishtirokida kengaytirilgan tarzda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilarining axborotlari tinglandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajada tashkil etilmaganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Vaziyatni o‘nglash, mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA