Maqom katta ilm, uni tushunish baxt
Maqom – butun dunyoda eʼtirof etilib, yuqori baholanadigan sanʼat.
Maqom – butun dunyoda eʼtirof etilib, yuqori baholanadigan sanʼat. U bagʻrikenglik, insonparvarlikni targʻib qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ana shunday pok tuygʻularni tarannum etuvchi maqom sanʼatiga sezilarli darajada eʼtibor qaratilmoqda.
OʻzA muxbiri maqom yoʻnalishida ijod qilib kelayotgan ijodkorlardan biri — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gulbahor Erqulova bilan suhbatlashdi.
– Maqom sanʼati ijodkordan nima talab qiladi?
– Maqom bu — katta ilm. Shunday ekan ilmga didsiz, saviyasiz odam yaqinlasha olmaydi. Soha kishidan yuksak salohiyat talab qiladi. Maqom shunchalik kuchli sanʼatki, ijodkorni tafakkur qilishga, sanʼatga yaqinlashishga, uni yaxshiroq tushunishga chorlaydi. Sanʼatkorni oʻz ustida ishlashga undaydi. Maqom doimiy harakatni, izlanishni talab qiladi. Shuning uchun maqomchilar har qanday vaziyatda istalgan qoʻshiqni ijro etishga shay turadi.
Maqomga yaqinlashish mumtoz poetikaga, tasviriy sanʼatga yaqinlashishdir. Maqom kishiga adabiyotni sevib, goʻzallikning qadriga yetishni oʻrgatadi, ijrochiga ishtiyoq hadya etsa, tinglovchiga mudom nafis tuygʻular inʼom etadi.
– Bugungi kunda maqomchilar mehnatiga yarasha eʼzoz topayaptimi?
– Yaqin 3-4 yildan buyon maqomga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda ilk marotaba Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkazildi. Bu biroz qaddi choʻkib qolgan maqomchilar kayfiyatini koʻtardi. Ammo aksariyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar maqomni eshitmay qoʻydi. Ular maʼno-mazmunsiz qoʻshiqlar eshitib umrini behuda oʻtkazib yuboryapti. Maqomni tushunish, uni anglash katta baxt. Bu baxt barchaga ham nasib etavermaydi, degan gaplarda jon bor ekan. Ana shu sabab asl isteʼdodlar biroz eʼtibordan chetda qolmoqda.
– Xalqni maqom sanʼatiga yaqinlashtirish uchun nima qilish kerak, deb oʻylaysiz?
– Xalqimiz maqomdan ancha uzoqlashdi. Chunki ular ardoqlab koʻtarib yuradigan telefonlarida mumtoz qoʻshiqlarimiz yoʻq, televideniyeda maqomchilar ijodi kam berib boriladi. Konsert dasturlarida mumtoz kuy-qoʻshiqlarni kamaytirishga harakat qilinmoqda. Toʻy-hashamlarda esa sahna toʻrini allaqachon bachkana sanʼatkorlarga topshirib qoʻyganmiz. Bunda isteʼmolchilarining ham aybi bor. Chunki ertalabki toʻy marosimlariga ham katta ashulani aytolmaydigan sanʼatkorlarni chaqiryapti. Hatto shu marosimlarda ham jonli ijrodan koʻra fonogrammani afzal koʻrmoqda.
– Har bir soha vakillari doirasida oʻziga xos muhit boʻladi. Ayting-chi, sanʼatkorlar orasidagi ijodiy muhitdan qoniqasizmi?
– Qargʻa-qargʻaning koʻzini choʻqimaydi, deyishadi. Ammo bugun sanʼatkorlar oʻrtasida bir-birini gʻiybat qiladiganlar, ortidan yomonlab yuradiganlar paydo boʻlib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda erta-yu kech gʻiybatlashib oʻtiradigan saviyasiz sanʼatkorlar ham yoʻq emas. Afsuski, ayrim “sanʼatkor”lar tufayli ijodiy muhitni yaxshi deya olmayman. Biri boshqasidan oʻzarga internetda video chiqishlar qilishadi. Unisi qoʻysa, bunisiga tosh otadi. Qoʻyavering, bu demokratiyada, deyishadi. Kechirib qoʻyasiz, demokratiya mayda-chuyda gapni chaynash emas. Demokratiya insonni oldinga chorlaydigan ilgʻor gʻoyalarni ilgari surishdir... Bugun ayrim sanʼatkorlar oʻsha mayda-chuyda narsalar orasida oʻralashib qolayotgani jahlimni chiqaradi. Bundan “piar” sifatida foydalanayotgani esa kulgili hol.
– Maqom sanʼati yoʻlida ozmi-koʻpmi xizmat qilgan ijodkor sifatida bugungi yosh maqomchilarning ijodiga qanday baho berasiz?
– Yoshlarimiz yomon ketmayapti. Ovoz bor, uni namoyon etishga zamin yaratilmoqda. Ammo aksariyatida qunt va did kamroqdek. Oʻz ustida ishlagisi kelmaydi. Kamchiliklarini aytsangiz qabul qilmaydi. Sochini sariqqa boʻyab olib, tor shimda sahnaga chiqqisi, tezroq mashhur boʻlib, toʻyma-toʻy yurgisi keladi. Oʻta didsiz kiyinadi va shu ahvolda kazo-kazo ustozlardan saboq olgani kelishadi. Avvalo maqomni qadrlagan odam yirtiq shim kiyib mashgʻulotlarga kelmaydi. Toʻgʻri milliy kiyinish hamma vaqt ham qulay boʻlmasligini tushunaman. Did bilan kiyinish ham alohida sanʼat. Sanʼatkor ahli kiyinishi bilan odamlarga oʻrnak boʻlishi kerak. Goʻzal xulqi va odobi bilan xalqni oʻz ortidan ergashtira olishi lozim.
– Maqom sanʼatiga qiziquvchilar soni koʻp, ammo unga ehtiyoj kamdek...
– Millatimiz qachonki, maqomga qaytsa, bizda oʻsish boʻladi, yuksalish boʻladi. Odamlar orasida odamgarchilik, bagʻrikenglik urchiydi. Maqom shunday kuchki, u ohanrabodek kishini oʻziga jalb qiladi. Xalq orasida qanchalar maqomga ehtiyoj kamaysa, bunda ular orasida ziyoli odamlarning kamayishi bilan izohlagan boʻlardim. Maqom bu, eng avvalo, sharqona tarbiya demakdir. Kimdir milliy qadriyatlar ruhida unib-oʻsgan boʻlsa, u albatta maqomni tushunadi, his qiladi...
Yosh maqomchilarning koʻpligi yaxshi, albatta. Qashshoq koʻpaygandan, mashshoq koʻpaygani afzal, deb bejizga aytilmagan. Maqom yoʻli katta maktab, katta tajriba. Maqomdan chiqqan har bir sanʼatkor, albatta, kelajakda oʻz oʻrnini topadi. U oʻz ovoziga ega boʻlibgina qolmasdan, soʻzni tushunadi, adabiyotni anglab ulgʻayadi.