Mansabdorlarning mas’uliyati qonunda aks etmoqda
O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi yangi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qonun ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi 6 bob va 111 moddadan iborat bo‘lib, unda ma’muriy organ, ma’muriy hujjat, ma’muriy ixtiyoriylik tushunchalariga aniq ta’rif berildi.
Qonuniylik tamoyili qonunda ma’muriy-huquqiy faoliyatning asosliligini va qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlovchi muhim elementlar bilan mazmunan boyitildi.
Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy institutlari, xususan, tegishli tarzda xabardor qilish, manfaatdor shaxslarni tinglash, ma’muriy hujjat, ma’muriy shikoyat qilish va ma’muriy hujjatni ijro qilish kabilar takomillashtirildi.
Ma’muriy ishda ishtirokchilar va ishni hal etishga ko‘maklashuvchi shaxslarni jalb qilish, rahbarlarning rad qilinishi, dalillarni baholash, ma’muriy ishdagi xarajatlarni yuklash, ma’muriy ishni to‘xtatib turish, tugatish bo‘yicha protsessual qoidalar aniqlashtirildi va to‘ldirildi.
Qonunda nazarda tutilayotgan yangi normalar ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda huquqiy barqarorlikni ta’minlashga, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlarga hurmat va ishonchini kuchaytirishga hamda mamlakatimizning investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Jamoatchilik muhokamasi natijasida kelib tushgan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtiriladi.
O‘zA