“Ma’naviyat marafoni” yoshlarni birlashtirdi
Andijonda “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi asosidagi ma’naviyat marafoni tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Marafon tadbirlari Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasi maydonidan boshlandi. Unda Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat, tuman, shahar bo‘limlari mas’ullari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, mehnat faxriylari, yozuvchi va shoirlar, ziyolilar, harbiylar hamda yoshlar ishtirok etdi.
– Yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish va mustahkamlashda boy hayotiy tajribaga, bilim va ko‘nikmaga ega nuroniylar, taniqli olim va ziyolilar, ijodkorlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulxamid Nurmatov. – Shu ma’noda marafon doirasida ular bilan o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlar yoshlarning ma’naviy tarbiyasini boyitish, qalblarida ona Vatanga, milliy qadriyatlarga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga, ularning faolligini oshirish, jamiyatga, jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Marafon tadbirlari Andijon davlat universiteti, Muhammad Yusuf nomidagi Ijod maktabi, Andijon shahridagi harbiy qismda hamda viloyatning qator tuman va shaharlarida “Men odobning o‘g‘liman”, “Ajdodlar mardona ruhi bizga yor!”, “O‘zbekiston – mening Vatanim!”, “Fazilatli avlod”, “Hayo – qiz bolaning ziynati”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Or-nomus – yigitning ko‘rki”, “Kitob – mening eng yaqin do‘stim”, “Milliy maqom san’ati”, “Odamiylik mulki”, “Alpomishlar o‘tgan bu diyor!”, “Vatanim bayrog‘ini baland ko‘taraman”, “Milliy qadriyatlar” deb nomlangan loyihalar doirasida davom etdi.
[gallery-14508]
– Ma’naviyat marafoni yurtimiz yoshlarini yanada jipslashtirdi, – deydi Andijon davlat chet tillar instituti talabasi Bibimuxlisa G‘ulomova. – Keksalar, ustozlar ishtirokidagi tadbirlarda qatnashib, ularning pand-nasihatlarini tingladik. Biz yoshlar faqat birlik, yuksak ma’naviyat va bilim bilan ulkan marralarni zabt etishimiz mumkinligini yana bir bor anglab yetdik.
Marhamat tumanida “Milliy dorbozlik san’ati” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbir, ayniqsa, yurtimiz dorbozlik san’atining taniqli namoyondasi Yunusjon ota G‘oziyev sulolasining chiqishlari yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Xo‘jaobod tumanida yangi ish boshlagan Axborot kutubxona markazida ilmga qiziquvchan yoshlar ishtirokida "Inson kitob bilan, kitob inson bilan tirik" mavzusidagi tadbir kitobxon yoshlar safining kengayishiga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qildi. Ijodkor yoshlar tomonidan tashkil etilgan mushoira barcha ishtirokchilarga xush va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, jajji bolajonlarning kutubxonaga sayohatida ularga kitob o‘qish insonni kamolotga yetkazishi tushuntirildi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning qator tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari