Ma’naviyat jamiyat hayotining negizidir
Munosabat

Ma’naviyat insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydi. Mazkur sohada faoliyat yuritayotganim uchun ma’naviyat haqida, ma’naviyatning zamoni, zamonaviyligi bo‘lmasligi, u hamisha davr bilan birga ekaniga amin bo‘ldim.
Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining yig‘ilishida 9 ta yo‘nalish bo‘yicha muhim fikrlar bildirildi va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, davlatimiz rahbari o‘z so‘zida so‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib, 2016 yilga nisbatan ijtimoiy sohalar rivojiga ajratilgan mablag‘larning hajmi 5,6 barobarga oshganini ta’kidlab o‘tdi.
Prezidentimizning kuyinchaklik bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarga e’tibor qaratishi biz soha vakillarini ruhlantirdi. Chunki bugun yurtimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barcha sohalarda yangicha tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ma’naviyat sohasidagi amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ushbu tashabbuslarga qanot bo‘lmoqda. Hayot shiddat bilan o‘tib borayotgan bugungi globallashuv sharoitida ma’naviy tarbiyaning o‘rni beqiyos. Chunki ma’naviyatli, ma’rifatli insonlar millatni sevadi, uni asraydi. Ilmsiz, bilimsiz va tafakkursiz katta marralarni ko‘zlab bo‘lmaydi.
Albatta, yuksak marralarga esa ma’rifat bilan, ma’naviyat bilan, kitobxonlik bilan erishiladi. Ma’naviy tarbiya to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan joyida ma’rifat bo‘lmaydi, ma’naviyat oqsa-sa, ilmiy taraqqiyot ham oqsaydi. Bejizga Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida bildirgan taklifi asosida joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha 5-sektor, ya’ni “Ma’naviyat sektori” tashkil qilinmayapti. Chunki bu sektor oila, mahalla, ta’lim tashkilotlarida ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini yaratadi.
Prezidentimizning nutqlarini tinglab, biz birlashsak, bir-birimizga yelkadosh bo‘lsak, bizni hech kim yenga olmasligini angladim. Chunki biz milliy qadriyatlarimizga tayanib, zamon bilan hamnafas yashayotgan yuksak ma’naviyatli xalqmiz.
Sayyora Fayziyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Toshkent viloyat bo‘limi rahbari.
O‘zA