Ma’naviyat fidoyilari taqdirlandi
Ma’naviyat, milliy an’ana va qadriyatlarsiz hech bir mamlakat o‘zi ko‘zlagan natijaga erisha olmaydi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishonini o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat sohasida faoliyat olib borayotgan olimlar, ziyolilar, san’at va madaniyat vakillari, soha vakillari ishtirok etdi.
[gallery-9990]
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy jabhadagi islohotlar, ularning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, bunda soha fidoyilarining ham hissasi katta ekanini ta’kidladi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 oktyabrdagi «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qarorida ushbu sohalarni rivojlantirishda o‘z mehnati, ilmiy salohiyati, jamoat ishida faol ishtiroki, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilikning hurmatiga sazovor bo‘lgan hamyurtlarimizni «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash vazifasi belgilangan.
O‘tgan vaqt mobaynida yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan 130 nafar hamyurtimiz mazkur mukofot bilan taqdirlangan edi.
Nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda uning aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yuksaltirishga oid ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari soni, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlar, adabiyotshunoslik borasidagi ishlar inobatga olindi.
Tadbir davomida 500 nafarga yaqin nomzoddan respublika bo‘yicha eng munosib ko‘rilgan 96 nafari «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda elimiz suygan san’atkorlar, so‘z ustalari tomonidan badiiy-musiqiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA