Ma’naviy-ma’rifiy ishlar takomillashadi
Farg‘ona azaldan ma’naviyat, madaniyat, san’at va adabiyot maskani sifatida mashhur. Bugungi kunda viloyatda 192 ta madaniyat va san’at, muassasalari, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari, axborot-kutubxona markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yakunlanayotgan yilda madaniyat va san’at yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirilganini alohida ta’kidlash lozim.
Joriy yilda tuman va shahardagi 83 ta madaniyat markazi tomonidan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, 2 milliondan ortiq aholi qamrab olindi. Mazkur markazlarda 400 dan ziyod to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unda 6 ming 200 dan ziyod yoshlar madaniyat va san’atning turli yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini namoyon etmoqda. Beshta davlat teatrlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida 750 marotaba turli sahna ko‘rinishlari, shundan 300 ga yaqini gostrol va ko‘chma spektakllar namoyishini tashkil etdi. Joriy yilda teatrlar tomonidan davlat buyurtmasi hamda ijodiy faoliyatini yanada boyitish va aholiga ma’naviy oziq, estetik zavq beradigan 11 ta yangi asar spektakl sahnalashtirilib, aholiga taqdim etilmoqda.
Respublikada yagona bo‘lgan Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi ham samarali faoliyat olib boryapti.Tashkil etilganiga qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay Jizzax, Samarqand, Buxoro, Sirdaryo hududlarida gastrol safarlari tashkil etildi.

Bolalar musiqa va san’at maktablarida 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 8 ming 873 nafar o‘quvchiga bilim berilmoqda. 2022-2023 yillarda ushbu maktablarning jami 230 nafar o‘quvchisi xalqaro hamda Respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari bo‘ldi.
Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida madaniyat va sanat sohasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 35,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Viloyat musiqali drama teatrida mahalliy byudjet hisobidan 3 milliard so‘mga qayta rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, viloyatdagi askiyachilarni rag‘batlantirib borish bo‘yicha mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1,5 milliard so‘m ajratildi.
Viloyatda kino sohasini rivojlantirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr binosi ta’mirdan chiqarildi hamda jahon standartlariga javob beradigan kinoqurilma olib kelindi.

Farg‘ona shahrida yangi bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida 4 ming o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy amfiteatr qurib bitkazilmoqda. Hozirda ushbu qurilish ishlari uchun qariyb 5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Eng olis hudud – So‘x tumanining Hushyor qishlog‘ida yangi madaniyat markazi barpo etildi. Shahar va tuman madaniyat bo‘limlari xizmat avtomashinalari bilan ta’minlanmoqda.
Ayniqsa, joriy yilda Qo‘qon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali hamda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi, Marg‘ilon shahrida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivali, Qo‘qon shahrida “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali, Xalqaro turk madaniyati tashkiloti TURKSOY bilan hamkorlikda “Turkiy dunyo opera kunlari” hamda “VI Turkiy Dunyo modalar” ko‘rgazmasi yuksak saviyada o‘tkazildi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida barcha umumta’lim maktablariga 8 turdagi 6 ming 678 ta cholg‘u asboblari xarid qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida madaniyat, san’at yo‘nalishidagi muhim vazifalar belgilab berildi. Bu esa farg‘onalik soha xodimlariga yanada katta mas’uliyat yuklamoqda. Yangi yilda madaniy xizmat darajasini yanada oshirish maqsadida ko‘plab dastur va rejalarni amalga oshirishni ko‘zda tutmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri