Mamlakatimiz seleksionerlarining ulkan yutuqlari
Saxovatli zaminimizda yetishtirilayotgan noz-ne’matlar butun dunyoga ma’lum va mashhur. Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi tubdan isloh qilinib, g‘alla mustaqilligiga erishildi.
Saxovatli zaminimizda yetishtirilayotgan noz-ne’matlar butun dunyoga ma’lum va mashhur. Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi tubdan isloh qilinib, g‘alla mustaqilligiga erishildi. Paxta yakkahokimligidan voz kechish uni yetishtirishni yanada takomillashtirish, yangi serhosil navlar yaratish, tola sifatini yaxshilash imkonini berdi. Dunyo bozorida mamlakatimizda yetishtirilgan paxtaga talab muntazam ortib borayotgani buning yorqin tasdig‘idir.Talab yuqori bo‘lgan oppoq, tolasi uzun va pishiq paxta navlarini yetishtirishni maqsad qilgan mamlakatimiz olimlari bu boradagi ishlarga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Paxtaning turlari ko‘pligiga qaramasdan, yetishtirilayotgan g‘o‘za navlari genetik xilma-xilligining cheklanganligi dunyo paxtachiligining global muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Jahon seleksionerlari bir necha o‘n yillardan buyon o‘rta tolali g‘o‘za navini yaratish ustida ish olib bormoqda. Chunki ushbu nav tolasining har bir qo‘shimcha millimetri uning qiymatini oshiradi. Biroq tola sifatini yaxshilash jarayonida uning ertapisharlik xususiyati va hosildorligiga putur yetishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida o‘rta tolali paxtaning sifatini yaxshilash, gullashi va ochilishini tezlashtirish, shuningdek, hosildorligini oshirish oson emas. Ushbu vazifani hal etish ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadi.
Mazkur muammoning hal etilishi qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish barqarorligini, qisqa vegetatsiya davrida kichik ekin maydonlarida yuksak samaralarga erishishni ta’minlaydi. Shuningdek, xo‘jalik yuritish faoliyatining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytiradi. Aynan shu jihatlar olimlarimizni «yangi avlod innovatsion biotexnologiyasi»ni yaratishga undadi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlarining gen-hujayra injeneriyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani olimlarimizga g‘o‘za genomikasi va gen injeneriyasi sohasida olamshumul yangiliklar yaratish imkonini bermoqda.
So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi olimlari dunyo ilm-fanida birinchi bo‘lib g‘o‘zaning muhim ahamiyatga ega belgilari, xususan, tola sifati, gullashi, tezpisharligi va hosildorligi, turli biotik va abiotik omillarga chidamliligini ta’minlaydigan genlarni tavsiflab berdi. Shuningdek, g‘o‘zaning ayrim hujayralaridan to‘la qimmatga ega o‘simliklar yaratildi va ilk bor O‘zbekistonning intellektual mulki deb e’tirof etilgan g‘o‘zaning «gen-nokaut» texnologiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Ushbu yangi texnologiya an’anaviy paxta seleksiyasining asosiy vazifalarini hal etish imkonini berganini alohida ta’kidlash joiz. Chunonchi, paxtachilik tarixida ilk marotaba o‘rta tolali paxta navidan qisqa muddat ichida agronomik muhim belgilarining asosiy ko‘rsatkichlari yaxshilangan «Porloq» navlari yaratildi. Bu navlar uzunligi 38-42 millimetr bo‘lgan 1-2 tipdagi yuqori sifatli tolaga ega. Buning asosida mamlakatimizda ushbu yangi turdagi tola narxiga o‘zgartirish kiritildi. U oddiy navli tolaga qaraganda 12 foiz qimmat sotiladi.
Xalqaro mutaxassislar «Porloq» navlarining tolasiga yuqori baho bermoqda. Jumladan, «Cotton Incorporated» kompaniyasi vitse-prezidenti Xek Kater (AQSh) bu borada quyidagicha fikr bildirdi: «Porloq» navi tolasining sifatini Kaliforniyada yetishtiriladigan «SJV Asala» g‘o‘za navining eng yaxshi tolasi bilan taqqoslasa bo‘ladi. «Porloq-1» navi tolasini tarash va yigirish orqali yuqori sifatli kalava olish mumkin».
Bundan tashqari, markazimiz olimlari tomonidan dunyo ilm-fanida ilk bor g‘o‘za genomida rekombinatsion bloklar o‘lchami uzunligi aniqlandi, tola chiqishi va sifatiga javob beradigan DNK-markerlar identifikatsiya qilindi. Ushbu muhim yutuqlar mamlakatimizda o‘simliklarning an’anaviy seleksiyasini bir necha marta tezlashtiradigan samarali «markerlarga asoslangan seleksiya» (MAS) texnologiyasini yaratish imkonini berdi.
MAS – o‘simliklar genomi molekulasi (molekulyar marker) asosidagi muayyan belgili seleksiyadir. Marker ma’lum bir xususiyatni aniq belgilaydigan mahsulot hisoblanadi. Masalan, inson tanasiga xos bo‘lgan turli chandiq, xol va boshqa belgilar shaxsni tanish uchun “markerlar” vazifasini o‘tashi mumkin. Boshqacha aytganda, bunday molekulyar markerlar yordamida mavsum boshidayoq eng yaxshi ekinlarni saralab olish mumkin. Yana bir muhim jihat shundaki, molekulyar markerlar yordamida bir o‘simlikda bir necha foydali va zarur genlarni jamlash imkoniyati mavjud.
MAS texnologiyasi an’anaviy seleksiyadan farqli ravishda ekin maydonida zararli o‘simliklarga qarshi sarf-xarajatlarni qisqartirish, seleksiya jarayonini bir necha marta tezlashtirish, uning samaradorligi va aniqligini oshiradi. Masalan, seleksioner viltga chidamlilik markeriga ega bo‘lsa, g‘o‘za bargini sinovdan o‘tkazish orqali o‘simlikning kasallikka chidamliligini aniqlashi mumkin. Bunda kasallikka chidamlilikni va kasallik alomatlarining paydo bo‘lishini aniqlash uchun butun g‘o‘za populatsiyasini vilt bilan zararlantirishga hojat yo‘q. Eng muhimi, MAS texnologiyasi qisqa muddatda istalgan nav DNKsiga bir paytning o‘zida genlarning yangi fragmentlari va guruhini kiritish imkonini beradi. Buning samarasida navning moslashuvchanligi, barqarorligi va chidamliligini belgilaydigan genetik xilma-xilligi yanada kengayadi.
O‘tgan davrda markazimiz olimlari tomonidan g‘o‘za genlari uchun dastlabki molekulyar markerlar to‘plami yaratildi va ularning xo‘jalik-qiymat belgilari bilan genetik bog‘liqlik darajasi tadqiq etildi. Ushbu tadqiqotlar turli mamlakatlardagi g‘o‘za navlarini taqqoslash va O‘zbekiston yangi navlarining o‘ziga xosligini molekulyar darajada isbotlash imkonini berdi. Shu bilan birga, bu boradagi natijalar mamlakatimizda ekiladigan navlarning molekulyar va genetik xilma-xilligining kamligini ham ko‘rsatdi. Bu kelgusida yurtimiz paxtachiligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida ekiladigan navlarning genetik bazasini kengaytirish bo‘yicha tadqiqotlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Buning samarasida qisqa muddat ichida 4-5-tipdagi tolaga ega bo‘lgan “Andijon-35” va “Mehnat” navlari negizida “Ravnaq-1” va “Ravnaq-2” navlari yaratildi. Ayni paytda sifatli (3-tipdagi) tola va yuqori hosildorligi bilan ajralib turadigan ushbu navlar davlat tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo paxta seleksiyasida MAS texnologiyasi muvaffaqiyatli qo‘llanayotganining dastlabki samarasidir. “Porloq” navlari gen injeneriyasi yutug‘i bo‘lsa, “Ravnaq” navlari gen injeneriyasi qo‘llanilmagan, foydali agronomik belgilar uchun javob beradigan genom uchastkalarining aniq seleksiyasi asosidagi zamonaviy seleksiyaning namunasidir.
Ayni paytda markazimizda yigirmadan ortiq yangi MAS genotipi yaratildi. Ular o‘z genomlarida tola sifati, ertapisharligi, yuqori hosildorligi va viltga chidamliligi bo‘yicha paxtachilik seleksiyasida hozircha foydalanilmagan yangi genetik belgilarga ega. G‘o‘zaning ushbu yangi navlari bosqichma-bosqich takomillashtirilib, keng ko‘lamda davlat sinovidan o‘tkazish uchun taqdim etiladi. MAS navlarining joriy etilishi esa mamlakatimiz paxtachiligini barqaror rivojlantirishni ta’minlashi shubhasiz.
Eng muhimi, bunday zamonaviy texnologiyalarning qishloq xo‘jaligi seleksiyasi amaliyotiga joriy etilishi dunyo miqyosida O‘zbekiston seleksiya ilm-fanining nufuzi va raqobatbardoshligini oshiradi. Ayni paytda markazda MAS texnologiyasi bug‘doy va uzum navlarini yaxshilash uchun ham qo‘llanilmoqda. Kelajakda qishloq xo‘jaligi ekinlarining gen-nokaut va MAS navlarini yaratish uchun yangi texnologiyalarni joriy qilish davom ettiriladi.
Davlatimiz tomonidan bu boradagi ishlar qo‘llab-quvvatlanib, innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani hamda ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni hal etishga qodir iste’dodli yosh olimlar yetishib chiqayotgani biotexnologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish, qishloq xo‘jaligi fanini yuksaltirish, xalqimiz hayot darajasi va sifatini oshirish, pirovardida Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Ibrohim Abdurahmonov,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
Genomika va bioinformatika markazi
direktori, biologiya fanlari
doktori, professor.