Malinachilik aholining asosiy daromad manbaiga aylanmoqda
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining Vodil hududida 5 ming 600 ta xonadon va fermer xo‘jaliklaridagi 500 gektardan ortiq maydonda 4 ming tonnadan ziyod malina yetishtirilmoqda.
Mahalliylashtirilgan navli malinadan yiliga o‘rtacha hisobda 65 milliard so‘m atrofida daromad olinadi.
Tumanda sohani yanada rivojlantirish va shu orqali aholi daromadini oshirish, ishsizlikni kamaytirish ustuvor masalaga aylangan. 2022-2025 yillarda past hosilli paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirilgan yerlari hisobidan aholiga 800 gektardan ziyod yer maydoni ajratilishi, shundan joriy yilning o‘zida 321 gektar yer maydonida malinazor yaratilishi ko‘zda tutilgan.


Vodil Qizilqo‘rg‘on massivi hududida joylashgan samarasiz foydalanilayotgan 350 gektar bog‘larning qator oralariga malinachilik ko‘chatlari ekilmokda. Hozirgi kunga qadar 182 gektar bog‘ qator oralariga malina ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirildi.
Tijorat banklari tomonidan 94 nafar fuqarolarga malinachilik yo‘nalishida 2,6 milliard so‘m miqdorda kredit mablag‘lari ajratildi. Ushbu massivda 156 nafar ishsiz fuqarolarga 20 gektar yer maydoni 10 -15 sotixdan malinachilikni tashkil etish uchun ochiq auksion savdolari orqali tarqatib berildi.

Yer maydonlarida malina ko‘chatlari ekilib, shpaler o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Qator orasidan samarali foydalanish maqsadida ko‘shimcha ekin sifatida kartoshka va sabzavot ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Hududda tashkil etilgan “Al-Vodiliy” hamda “Vodillik Dovudbek” klasterlari aholiga malina ko‘chatlari, sim va shpalerlar yetkazib bermoqda. “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘inida esa yetishtiriladigan malinani qabul qilish va saqlash uchun “Dadaxon Murod fayzi” oilaviy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 800 million so‘mlik 200 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatkichli kameralar tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.

M. Sulaymonov,
O‘zA