“Maktubdir umrim” kitobi ozarbayjon tilida
Taniqli o‘zbek ijodkori, “Do‘stlik” ordeni sohibi Shuhrat Orifning “Maktubdir umrim” nomli kitobi Boku shahrida ozarbayjon tilida nashr etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kitob tahrir hay’atiga O‘zbekiston va Ozarbayjonning taniqli adabiyot va madaniyat namoyandalari jalb etilgan.
Asarni Ozarbayjon Yozarlar birligi a’zosi, shoir-publitsist Shoxmamed Tog‘laro‘g‘li hamda Xalqaro “Alash” adabiyot mukofoti laureati Akbar Qo‘shali ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Yaqin kunlarda Shusha shahrida kitob taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuhrat Orif ijodi bugunga qadar dunyoning o‘ndan ortiq tillariga tarjima qilinib, xorijlik kitobxonlarga ham yetib borgan. "Maktubdir umrim"ning ozarbayjon tilidagi nashri esa o‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalarini yanada mustahkamlaydigan adabiy jarayonlardan biri bo‘ldi.
Aytish kerakki, Shuhrat Orif ijodining o‘ziga xosligi uning nozik tuyg‘u va kechinmalarni teran hayotiy kuzatuvlar va falsafiy mushohadalar bilan uyg‘unlashtira olganida namoyon bo‘ladi. Shoirning «Shom tovushi» va boshqa to‘plamlaridan joy olgan she’rlari va to‘rtliklarida hayotiy xulosalar, dunyoni va inson tabiatini teran anglashga intilish kuchli. Uning ijodida o‘zbek mumtoz she’riyati an’analariga xos ohanglar hozirgi zamon adabiy-estetik ehtiyojlari va yangicha talqinlar bilan mahoratli tarzda bog‘lanadi. Shoir lirikasi yurakdan chiqqan, yoniq ohanglar va yorqin ranglarga boy. U inson ruhiyatining eng yashirin, nozik qirralarini, samimiy iqrorlar va iztiroblar orqali ochib beradi. Muallif murakkab inson qalbi va ichki kechinmalarini sodda va shu bilan birga juda ta’sirchan, jarangdor va obrazli so‘zlar bilan ifodalaydi.
N.Usmonova, O‘zA