Maktablarga mingdan ortiq kitob sovgʻa qilindi
Toshkent viloyatida ham buyuk maʼrifatparvar ajdodlarimiz – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kunlari munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Toshkent viloyatida ham buyuk maʼrifatparvar ajdodlarimiz – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kunlari munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Viloyat hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishicha, sana munosabati bilan oʻtkazilayotgan uchrashuv, davra suhbatlari, sheʼriyat kechalari, kitobxonlik haftaliklarida ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, Yangiyoʻl tumanidagi 54-, Chinoz tumanidagi 38- va Quyi Chirchiq tumanidagi 13-umumtaʼlim maktablarda boʻlib oʻtgan tadbirlarda Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan kitob aksiyasi doirasida mazkur taʼlim muassasalari kutubxonalariga 700 ga yaqin oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.
Adabiy kechalarda DXX vakillari, viloyat va tuman hokimliklari masʼullari,shoir va yozuvchilar, “Yosh kitobxon” tanlovi gʻoliblari ishtirok etdi.
Tadbirlarda Navoiy va Bobur ijodi, asarlarida ilgari surilgan gʻoya va undan koʻzlangan maqsad, shuningdek, “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da Toshkent viloyati yoshlarini har tomonlama yetuk va komil shaxslar etib tarbiyalash, bu borada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida soʻz bordi.
Oʻziga xos kitobxonlik bayrami navoiyxonlik va boburxonlik mushoirasi bilan yakunlandi.
Shuningdek, Piskent tumanidagi 38-umumtaʼlim maktabi va Bekobod tumanidagi 49-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan ana shunday tadbirda DXX chegara qoʻshinlari tomonidan mazkur maktabga 500 dan ortiq sara adabiyotlar sovgʻa qilingan edi.