Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajriba asosida bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajriba asosida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun haftada bir kun pedagogika oliy ta’lim tashkilotida, besh kun maktabgacha ta’lim tashkilotida to‘lov-shartnoma asosida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavriat bosqichida dual ta’lim shaklida o‘qish joriy etiladi;
maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavrlar tayyorlash jarayonida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar shakllantiriladi;
pedagog kadrlar tayyorlaydigan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan bakalavr bosqichi talabalarining bilimlari har yili tasdiqlangan reja-jadval asosida tashqi diagnostikadan o‘tkazib boriladi.
2028/2029 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029/2030 o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy davlat attestatsiyasi bilan birga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Qarorga ko‘ra, dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qishga davlat va (yoki) nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida uch yil davomida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilishning amaldagi tartibiga muvofiq o‘tkaziladigan test sinovlari asosida qabul qilinadi.
Dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul parametrlari hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida pedagogika oliy ta’lim tashkilotlariga faqat tegishli hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar qabul qilinadi.
Ta’lim jarayonlarini tashkil etishda talabalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi amaliy faoliyatini metodik jihatdan ta’minlash, muvofiqlashtirish va baholash mexanizmlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Ta’lim olayotgan pedagoglar ishlab chiqarishdan ajralgan holda, malaka oshirish kurslariga jalb etilmaydi.
Qaror bilan:
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglarni dual ta’lim shaklida o‘qitish tizimini tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
Dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
maktabgacha ta’lim yo‘nalishida davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlarni dual ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etadi;
maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash jarayonida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishni nazarda tutuvchi o‘quv dasturlarini joriy etadi;
har yili davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va maktab ta’limi sohasida bakalavrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish uchun talabalarning bilimlarini tasdiqlangan reja-jadval asosida tashqi diagnostikadan o‘tkazib borilishini ta’minlaydi;
b) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy davlat attestatsiyasi bilan birga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
O‘zA