Maktabgacha ta’lim tashkilotlari karantinga yopiladimi?
Maktablar va oliy o‘quv yurtlari 24 fevralgacha onlayn ta’limga o‘tkazilgach, aksariyat ota-onalarni shu savol qiziqtirmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, bog‘chalar yopilishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu muassasalar ish faoliyatini odatdagi tartibda davom ettiradi. Faqat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pandemiya davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan quyidagi vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablarga qat’iy rioya etiladi:
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bayram tadbirlari o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklanadi;
ota-onalar va tashqaridan mehmonlar kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi (zarur vaziyatlarda so‘nggi uch kunlik PSR testi va emlanganligi haqida sertifikati bo‘lishi lozim);
yig‘ilishlar o‘tkazilishi cheklanadi, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish choralari ko‘riladi;
mazkur cheklovning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli tartibda javobgarlik choralari (hayfsan, jarima va b.q.) qo‘llaniladi.
O‘zA