Maktabda zargarlik to‘garagi
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabida mamlakatimizda birinchi bo‘lib zargarlik to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabida mamlakatimizda birinchi bo‘lib zargarlik to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar etib voyaga yetkazish, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda faoliyat yuritayotgan bolalar musiqa va san’at maktablari muhim ahamiyat kasb etayotir.
Bolalar musiqa va san’at maktablarida odatda o‘quvchilarga fortepyano, torli cholg‘ular, o‘zbek xalq cholg‘ulari, an’anaviy sozandalik, an’anaviy xonandalik, estrada xonandaligi, tasviriy va amaliy san’at, teatr san’ati va xoreografiya kabi 13 yo‘nalishda saboq beriladi.
Shahrisabz tumanidagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasi ota-onalar va o‘quvchilarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, amaliy san’at bo‘limi faoliyatini yanada kengaytirdi. Ya’ni, o‘quvchilar endi misgarlik, zargarlik, komputer grafikasi va kashtachilik yo‘nalishlarida ham tahsil olishi mumkin.
350 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olayotgan mazkur ta’lim muassasasi Prezidentimizning 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2014-yilda barpo etilgan. Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega musiqa va san’at maktabining 23 nafar o‘quvchisi xalqaro, 57 nafari mamlakat miqyosidagi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan.