Maktab ta’limi tizimida xorijiy tajriba
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 944 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirgi kunda 772 o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu maktabda Finlyandiya ta’lim tajribasi joriy qilingan.
Gap shundaki, tuman xalq ta’lim bo‘limi mudiri Murodullo Farmonov fin ta’lim tajribasini o‘rganish maqsadida Finlyandiyaga safarda bo‘lib qaytgan. Ta’lim sohasida almashilgan tajriba, o‘rganilgan o‘qitish uslublari 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sinovdan o‘tkazilmoqda.
– Finlyandiya ta’lim tajribasi asosida o‘qitish o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun o‘ziga xos yangilik bo‘ldi, –deydi Murodullo Farmonov. – Maktabda har bir dars boshlanishidan oldin o‘tiladigan mavzu yuzasidan o‘quvchilarga motivatsiya beriladi. Darslar oralig‘ida 25 minut o‘quvchilar uchun fikrni chalg‘itish va yangi dars sifatida yangi mavzuni o‘zlashtirish jarayoni boshlanadi. O‘quvchilardan oraliq va choraklik baholash 3 ta kriteriya asosida amalga oshiriladi. Test yoki savollar berish har bir o‘quvchining qobiliyatidan kelib chiqib belgilanishi o‘quvchilar o‘rtasida tenglikni keltirib chiqaradi. O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
[gallery-10839]
Tuman maktablarida o‘quvchilarga 64 ta ishchi kasblar o‘rgatiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan ta’lim muassasalariga musiqa, sport, san’at va texnologiya xonalarini jihozlashni maqsad qilingan. Bu o‘quvchi yoshlar, ayniqsa, 11-sinf bitiruvchilarining kamida ikkita tilni bilishi hamda kelajakda shug‘ulana oladigan ikkita kasbni egallashiga muhim ahamiyat kasb etadi.
– Maktabda kasb-hunar o‘rgatish uchun barcha sharoitlar yaratildi, –deydi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori No‘monjon Fayzulloyev. –Jumladan, tadbirkor Asilbek Homidov 160 million so‘m imtiyozli kredit evaziga uskunalar o‘rnatib o‘quvchilarga zamonaviy texnologiyalar asosida oshxona mebellari, MDF eshik-romlar hamda yog‘ochda ishlash texnikasini o‘rgatmoqda. Buning uchun maktabdagi bo‘sh turgan bino ajratildi. Ayni paytda o‘quvchilar tadbirkorning hunarini o‘rganmoqda. Maktab o‘quvchi qizlari uchun tikuv mashinalari keltirilgan va zamonaviy liboslarga milliy ruh berish texnologiyasi o‘rgatilyapti. Kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qituvchi Laziz Ashurov tomonidan tashkil etilgan darsdan keyingi to‘garakda 60 nafardan ziyod o‘quvchilar IT texnologiyasi sirlarini o‘rganayotir. 2022-2023-o‘quv yilida 50 nafar o‘quvchimiz maktabni bitiradi. Ularning barchasi oliy ta’limga yo‘naltirilgan. Finlyandiya ta’limi asosida maktabda ikkinchi til sifatida nemis tili fanini o‘rgatish rejalashtirilgan. Hozirda 11 nafar o‘quvchimiz ingliz tili fanidan IYeLTS sertifikatini qo‘lga kiritdi. 4 nafar o‘qituvchimizda C1 sertifikati, 5 nafar o‘qituvchimizda B2 sertifikati mavjud. Asosiy vazifamiz yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilish uchun sharoit yaratishdan iborat.
Ta’lim o‘zgaruvchan dunyoda rivojlanish va moslashishning kalitidir. Ta’lim bizga kelajakdagi ish o‘rinlari talablariga javob berishga yordam beradi va muhit o‘zgarishini yaxshilash bilan birga turmush darajasini oshiradi. Bir mamlakatdagi tizimdan nusxa olib bo‘lmaydi, lekin birgalikdagi faoliyat orqali yaxshi amaliyotlarni boshqasiga moslashtirish mumkin. Odamlar, yangi bilimlar, raqamli texnologiyalar, moslashuvchan tuzilmalar va jarayonlar chegaralarni kesib o‘tishi mumkin. Finlyandiya ta’lim sohasida kuchli va umume’tirof etilgan tajribaga ega, ularni boshqa mamlakatlar bilan bo‘lishish mumkin.
Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, erkin fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib yetishishi zarurligi Prezidentimiz tomonidan ta’kidlangan edi. Shu nuqtai nazardan joriy yil 1 yanvardan respublikamiz bo‘yicha 14 ta hududdan tanlab olingan maktablarda Finlyandiya ta’lim tajribasi joriy qilindi.
O‘zAni kuzatib boring, keyingi maqolamiz Buxoro viloyatidan tanlab olingan Buxoro tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Finlyandiya ta’lim tajribasi asosida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilayotgan ishlar va uning afzalliklari xususida bo‘ladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov olgan suratlar
O‘zA