Maktab o‘quvchilari kasb-hunar ham o‘rganmoqda
Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifa etib belgilandi.
Bu borada Buxoro viloyatida ham zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, shahar, tuman va mahallalarning xususiyati, imkoniyatidan kelib chiqib, o‘quvchilarga maktabning o‘zida turli xil ishchi kasblarni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayni paytda mavjud 13 shahar va tumanlarda namuna sifatida bittadan maktab tanlab olingan. Ularda hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarga o‘rgatiladigan kasblar belgilandi.

Buxoro shahridagi 4-, Peshku tumanidagi 1-, Romitan tumanidagi 1-, G‘ijduvon tumanidagi 60-IDUM hamda Kogon shahridagi 9-, Buxoro tumanidagi 18-, Vobkent tumanidagi 8-, Shofirkon tumanidagi 11-, Jondor tumanidagi 21-, Kogon tumanidagi 11-, Olot tumanidagi 9-, Qorako‘l tumanidagi 53-, Qorovulbozor tumanidagi 4-umumta’lim maktablarida mahalliy hokimliklar yordamida kasb-hunarga o‘rgatish xonalari tashkil etilib, zaruriy jihozlar bilan ta’minlandi.

Mazkur maktablarda o‘quvchilarga tikuvchilik, zardo‘zlik, kashtachilik, sartaroshlik, non mahsulotlari va pishiriqlar pishirish, qandolatchilik, santexnika, charm va mo‘ynachilik, mebelsozlik, duradgorlik, poyabzalchilik, elektr payvandlash, chilangarlik, limonchilik, oshpazlik, AKFA sexi ishchisi, rabototexnika, IT dasturchisi kabi 20 dan ortiq kasb-hunarlarni o‘rgatish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.


Ayni paytda ushbu maktablarda jami 30 nafarga yaqin tadbirkorlar jalb etilgan bo‘lib, ularning faoliyati ta’til jarayonida ham o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va o‘z qiziqishlari asosida kasb-hunar o‘rganishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA