Maktab bitiruvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Toshkent viloyati Zangiota tumanida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Yoshlar ittifoqi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida maktab bitiruvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirdan maqsad, maktabda tahsil olayotgan bitiruvchi yoshlarni kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularga Milliy gvardiya tizimi faoliyati, mavjud ta’lim sohalari, tizimga ishga qabul qilish va bu borada tushunchalar berishdan iborat bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Temurbeklar maktabi harbiy akademik litseyiga o‘qishga kirish tartibi, shart-sharoitlari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi.

Yoshlar bilan ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuv savol-javoblarga boy bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar qurolli kuchlar tizimi bilan yaqindan tanishish, harbiy sohaga qiziqqanlar soha vakillari bilan hamsuhbat bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jamoat xavfsizligi universiteti harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va faxriy qorovul bo‘linmasining saf usullari, harbiylar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA