Mahsulot gidroponika usulida yetishtiriladi
Majmuaning ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov ishtirok etdi.
Navoiy viloyati Karmana tumani “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan “Serasan Yapi Teknik” qishloq xo‘jaligi va injiniring issiqxonalar markazi bilan hamkorlikda tumanning Malikrabot qo‘rg‘oni hududida barpo etilgan zamonaviy issiqxona foydalanishga topshirildi.
Issiqxona Gollandiya va Turkiya texnologiyalari asosida gidroponika usuli bilan mahsulot yetishtirishga mo‘ljallangan. E’tiborlisi, bu yerda yetishtirilayotgan mahsulotlar tabiiy biologik usulda, ya’ni asalari yordamida changlatiladi. Buning uchun Turkiyadan mingdan ortiq asalari keltirildi.
Majmuaning umumiy maydoni 3,45 gektar bo‘lib, uning 3,20 gektarida issiqxona, 0,25 gektarida esa xizmat ko‘rsatish inshootlari joylashgan. Issiqxonada bir mavsumda gektaridan 250 tonnagacha mahsulot olish mumkin. Ayni paytda bu yerda pomidor yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Tayyor mahsulotning 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Hozirda Qozog‘iston va Rossiya davlatlari bilan 600 tonna mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Issiqxona faoliyatini boshlashi bilan 50 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.
Majmuaning ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov ishtirok etdi.