Mahorat va shijoat bahsi
Poytaxtimizda o‘zbek jang san’ati bo‘yicha mamlakat kubogi o‘tkazildi.
Poytaxtimizda o‘zbek jang san’ati bo‘yicha mamlakat kubogi o‘tkazildi.O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbek jang san’ati federatsiyasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi hamda qator tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan musobaqada uch yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz shaxsiy va kompleks mashq bajarish bo‘yicha kuch sinashdi.
– O‘zbek jang san’ati o‘g‘il-qizlarimizni jismonan chiniqtirish bilan birga, ularda halollik, sabr-toqat va o‘zini nazorat qilish, ajdodlarimizdan meros qadriyatlarga hurmatni shakllantiradi, – deydi O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov. – Sog‘lomlashtirish, qo‘l jangi, temuriylar jang usuli va jang kurashi kabi yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan ushbu sport turi bilan yurtimizda o‘g‘il-qizlar muntazam shug‘ullanmoqda.
Mamlakat kubogi bahslarida Muhammad Omonov, Mansur Serikboyev, Dilshod Muhammadjonov, Diyor Qoldiboyev, Dilmurod Qobilov, Firdavs Hojiyev, Eldor Nuraliyev, Ozodbek Ashirov, Aziz Jumayev, E’zoza Zohidjonova, Odina Abdug‘aniyeva, Sevinch Ziyodullayeva, Dilzoda Ozodova, Go‘zal Peysenova, Maftuna Ikromova, Karina Kim o‘z vazn va yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.