Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati
Mamlakatimizda ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularga hurmat ko‘rsatish kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘
O‘tgan yili milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkir, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi yurtimizda keng miqyosda nishonlanib, alloma “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani buning yorqin dalilidir.
Millat ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan ma’rifatparvar xotirasiga bo‘lgan hurmat, ehtirom bardavom bo‘lmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Mahmudxo‘ja Behbudiy Vatan istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovonligi yo‘lida hayotini qurbon qilgani ta’kidlandi. Olimning hayoti, ilmiy faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida allomaning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati aks etgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli videorolik namoyish etildi.
– Dunyoda global xatarlar kuchayib borayotgan bir davrda milliy o‘zlikni anglash, haqiqiy tariximizni bilishga har qachongidan ham intilish kuchayib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov. – Mustabid tuzum davrida ommaviy qatag‘onlar natijasida insoniylik sha’ni, qadr-qimmati, or-nomusi toptalgan davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari, qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz Vatan ozodligi yo‘lida jonlarini qurbon qilishdi. Ularning nomini abadiylashtirish, yoshlarimizni milliy istiqlol g‘oyasi, jasorat bilan tarbiyalashimiz, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Haq olinur, berilmas”, degan xitoblarini unutmasligimiz kerak.
Tadbir doirasida Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, talabalar o‘rtasida alloma hayoti va ilmiy faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan uchrashuv alloma shaxsiyatini yana bir pog‘onaga olib chiqqani, shubhasiz. Zero, yoshlarga ta’lim-tarbiya, ma’rifat masalasi davlat siyosati darajasiga chiqqan bugungi kunda jadidchilik va jadidlar faoliyatini tadqiq etish, ularning zalvorli mehnatini yoshlarga yetkazish har qachongidan-da muhim vazifa hisoblanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
matbuot xizmati