Mahmudxo‘ja Behbudiy g‘oyalari bugun ham qimmatli
Bu yil mamlakatimizda buyuk ma’rifatparvar, jadidchilik harakati faoli Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi keng nishonlanmoqda.
Samarqand shahrida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda viloyati tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan “Milliy o‘zlikni anglashda jadidchilik harakati va Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’naviy merosining o‘rni” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya ham ushbu sanaga bag‘ishlandi.
Partiya markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, publitsist Nusrat Rahmat, Mahmudxo‘ja Behbudiyning nabirasi Shohruh Behbudiy va boshqalar alloma hayoti va ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy g‘oyat murakkab vaziyatda Vatan ozodligi, el farovonligi uchun o‘z qalami bilan kurashgani, xalqni ma’rifatli bo‘lishga chorlab, bu yo‘lda ko‘p zahmat chekkani ta’kidlandi.
– Behbudiyning “Padarkush” dramasi milliy dramaturgiyamizning asosi sifatida qanchalik qadrlansa, unda ilmli bo‘lish, farzandlarimizni o‘qitish, kasb-hunarli qilish eng muhim vazifa ekanligi ko‘rsatib berilgani bilan ham shunchalik ahamiyatlidir, – dedi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi A.Axtamov. – E’tiborlisi, bu asardagi g‘oyalar bugungi kun uchun ham juda qimmatlidir. Umuman, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ko‘p qarashlari davr va zamon tanlamay yillar o‘tsa-da o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay kelmoqda. Bu ma’naviy merosdan ayniqsa, yoshlar ko‘proq bahramand bo‘lsa, o‘qib-o‘rgansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
G‘.HASANOV, O‘zA