Mahmud Yo‘ldoshev – shoir, psixolog, olim va jurnalist
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir, psixolog olim va huquqshunos Mahmud Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir mamlakatimiz adabiy va ilmiy jamoatchiligi hayotida muhim voqea sifatida ahamiyat kasb etadi. Zero, Mahmud Yo‘ldoshev nafaqat o‘zining badiiy ijodi, balki ilmiy izlanishlari, pedagogik faoliyati va jamoatchilik ishlaridagi faol ishtiroki bilan ham keng e’tirof etilgan shaxslardan biridir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Mahmud Yo‘ldoshev Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi A’lamli qishlog‘ida tavallud topgan. Uning hayot yo‘li oddiy qishloq muhitidan boshlanib, uzluksiz izlanish va mehnat orqali yuksak ma’naviy va ilmiy marralarga yetib borgani bilan ahamiyatlidir.
[gallery-28787]
Ijodkor “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi kabi nufuzli muassasalarda mehnat qilgan. Bugungi kunda u yosh avlodga bilim va tajribasini ulashib kelmoqda.
Mahmud Yo‘ldoshevning ijodiy merosi serqirra va mazmunan boydir. Uning qalamiga mansub 30 dan ortiq asarlar orasida she’riy to‘plamlar, nasriy asarlar, ilmiy tadqiqotlar va publitsistik ishlar alohida o‘rin tutadi. «Haqni izlab», «Porlagan yurak», «Yillar marjoni», «Sidraning to‘rt mevasi», “Turkularim”, «Umay qo‘shig‘i» kabi asarlar inson qalbi, hayot falsafasi va ma’naviy qadriyatlarni teran ifodalashi bilan ajralib turadi.
Shu bilan birga, ijodkorning «Tarbiya tasvirlari», «Oilada ruhiy muhit va uning tarbiyaga ta’siri», «Xotirada saqlash usullari», «Boshqaruv psixologiyasida axloq», «Harbiy psixologiya», «Harbiy rahbarlarga psixotrening» kabi ilmiy asarlari psixologiya va pedagogika sohalarida muhim manba sifatida e’tirof etilgan.
Adib asarlari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham keng tarqalgan. Ular “Ogonyok”, “Meridian”, “Studencheskiy meridian”, “Baykal” kabi nufuzli jurnallarda chop etilgani, shuningdek, Turkiya nashrlarida e’lon qilingani uning ijodiga bo‘lgan qiziqish va e’tirofning yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Uning “Bol” (“Dard”) asari rus tiliga tarjima qilinib, alohida kitob sifatida nashr etilgan.
Mahmud Yo‘ldoshev yuzlab ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi sifatida ham samarali ijod qilgan. U xalqaro konferensiyalar va simpoziumlarda faol ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan ilmiy jamoatchilik e’tiborini qozongan. Jumladan, 2008-yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda «O‘zbek kinosida Nasriddin Afandining psixologik portreti» mavzusidagi ma’ruzasi katta qiziqish uyg‘otgan.
Tadbir doirasida ijodkorning boy adabiy va ilmiy merosi, uning jamiyat ma’naviy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritildi. Unda yozuvchilar, olimlar, adabiyotshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar jamoatchiligi ishtirok etdi.
Mazkur adabiy-ma’rifiy tadbir milliy adabiyot va ilm-fan rivojiga xizmat qilish, yosh avlodni ma’rifat va ijod ruhida tarbiyalash, shuningdek, yurtimizda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
A.Alijonov (suratlar),
O‘zA muxbirlari