Mahallaning faol va ilg‘orlari taqdirlandi
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Mahalla xodimlari kuni Andijonda ham keng nishonlandi. Mahalla tizimining faol va ilg‘or xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qatnashib, ishtirokchilarni bayram bilan muborakbod etdi.
Mahalla odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan, barcha ezgu va xayrli ishlarga tamal toshi qo‘yiladigan maskandir. Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati, huquqiy-demokratik davlatga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda aynan mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta.
Bugun Andijon viloyatida 879 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatmoqda. Oilalarni mustahkamlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi daromadini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish, huquq va manfaatlarni himoya qilish, yoshlar tarbiyasi, mahallalarni obod maskanlarga aylantirishda mahalla fuqarolar yig‘inlari, xususan, tizim xodimlarining o‘rni va roli nihoyatda katta. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlarning “mahallabay”, “xonadonbay” tizimi asosida olib borilayotganligi yuqori samaralar bermoqda.
Tadbirida tizimda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan, Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan turli orden va medallar, shuningdek, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bir guruh andijonlik soha fidoyilariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– Mehnatlarim e’tirof etilib, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlanganligimda behad mamnunman. Ushbu mukofotni nafaqat menga, balki mahallamiz faollariga berilgan mukofot, deb bilaman. Chunki hamkorlikdagi ishlarimiz tufayli ijobiy natijalarga erishyapmiz. Qolaversa, mukofot menga ulkan mas’uliyat yuklaydi, mahallamiz obodligi, yurtimiz rivoji yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishga harakat qilaman, – deydi Paxtaobod tumanidagi “Ma’rifat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hodisaxon Toshlanova.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA.