Mahallalarda tomorqachilik rivojlanmoqda
Prezident topshirig‘i amalda
Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va yana bir qator sohaga oid hujjatlar ijrosi asosida hududlarda samarali ishlar tashkil etish belgilangan.

Shunga asosan Bo‘ka tumanining olis Samarqand mahallasida kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadini oshirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.

Toshkent viloyati hokimligi, viloyat Kambag‘allikni qisqartish va bandlik boshqarmasi, tijorat banklari va bir qator hamkor tashkilotlar bilan birga tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad bahor mavsumida aholining tomorqadan samarali foydalanishiga ko‘maklashishdir.

Shu bo‘yicha mutaxassislar tomonidan mazkur mahallaning agrar imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Hozir hududda jami aholi soni 3 ming 232 nafar bo‘lib, kambag‘al oilalar 17 ta, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila 84 tani tashkil etadi. Amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar evaziga mahallaning kambag‘allik darajasini yetti foizga tushirish maqsad qilinmoqda.

Buning uchun ishlab chiqilgan dastur doirasida hudud infratuzilmasi yaxshilanadi. Birinchi galda 500 million so‘mlik mablag‘ asosida 1,5 kilometr sug‘orish tarmog‘i quriladi. Xonadonlar tomorqa maydonlari tartibga keltiriladi. Joylardagi mavjud ariqlar betonlashtiriladi. Tijorat banklari xodimlari va boshqa mas’ul mutaxassislar ishtirokida har bir xonadonga kirilib, aholining takliflari o‘rganiladi va tomorqa madaniyatini yanada oshirish choralari ko‘riladi.

Hududga biriktirilgan tadbirkor tavsiyasi asosida tomorqalarda kamida uch marta mahsulot yetishtirish taklif etildi. Mahalla drayverini esa pomidor va bulg‘ori qalampir yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Shu bo‘yicha agronomlar ham biriktirilib, aholi bilan yaqindan ishlashga yo‘naltirildi. Shu ishlar orqali esa 692 nafar aholi bandligi ta’minlanadi, ishsizlik kamaytiriladi va daromad oshiriladi.
– Toshkent viloyatida bu yil 100 ta shu hudud kabi og‘ir toifadagi mahallalar tanlab olingan va mavsumda tizimli ishlar qilinadi, – deydi Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldashov. – Birinchi navbatda sug‘orish tizimlari, elektr tarmoqlari va ichki yo‘llar yaxshilanadi. Shularning hisobiga tomorqadan yuqori daromad olish darajasi oshirish ham belgilangan.
Seminar davomida aholi uchun mevali va manzarali ko‘chatlar, sabzavot va ko‘katlar urug‘lari, tomorqada ishlatiladigan asbob-uskunalar va mineral o‘g‘itlar ko‘chma savdosi tashkil etildi. Shundan so‘ng mahalla bankirlari va barcha biriktirilgan xodimlar tegishli tartibda xonadonlarga kirib, tomorqachilikni rivojlantirish ishlariga kirishildi.
A.Musayev, O‘zA