Mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazilmoqda
Ayni kunlarda Xorazm viloyatida Respublika ishchi guruhi vakillari ishtirokida viloyat sektorlari, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari tomonidan ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda ommaviy sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Fuqarolarni tashvishlantirayotgan ijtimoiy-maishiy muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etayotgan bu kabi sayyor qabullar Urganch, Xiva shaharlari, Hazorasp, Shovot tumanlarida o‘tkazildi.
Hazorasp tumanidagi qabulda Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hamda boshqa markaziy davlat organlari rahbarlari ishtirok etdi. Qabulda jami 103 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 25 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal qilindi. 41 ta fuqaroga tushuntirish va xuquqiy maslahatlar berildi. Yechimi muddat talab qiladigan 37 ta murojaatga mas’ullar biriktirilgan holda ijrosi nazoratga olindi. Fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo va masalalarning ko‘pchiligi sud va prokuraturaga doir murojaatlardan iborat bo‘ldi.
Xiva tumanidagi MCHJ va turkiyalik investorlarning qo‘shma loyihasi Qo‘shko‘pir va Xiva tumanlari hamda Xiva shahrida 75 gektar yer maydonida amalga oshirilishi reja qilingan. Unda mevali daraxt ko‘chatlarini ekish va hosilni qayta ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish ko‘zda tutiladi. Ammo Xiva tumanidagi 10,5 gektar yer maydonida ishni tashkil qilishda tadbirkorlar muammoga uchragan. Mazkur sayyor qabulda ana shu masalaga ijobiy yechim topildi.
[gallery-21424]
– Biz investitsiya kiritgan yer maydonining bir qismi nizoli ekanligini sezib qoldik, – deydi turkiyalik investor Yaxyo Jeviz. – Xiva tumani hokimi mazkur yer maydonini davlat yer zaxirasiga qaytarish bo‘yicha qaror chiqargan. Biz bu yerga ikki ming dona turkiyadan keltirilgan oliy navli, ekportbob olma ko‘chatlarini uch yil oldin keltirib ekkanmiz. Ko‘chatlarimiz shu yil hosil berishni boshlaydi. Bugungi qabul davomida Oliy sud raisi o‘rinbosariga murojaat qildik. Barcha hujjatlarimizni ham taqdim qildik. Tegishli sudyalar, mutaxassislar bizning hujjatlarimizni o‘rganib, qonun doirasida qaror chiqarib berishdi. Tuman hokimining qarori bekor qilindi. Yer maydoni o‘zimizda qoldi.
Hazorasp tumanining Pichoqchi va Sanoat mahallalaridan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘lida 300 metr piyodalar yo‘lagi va 630 metr uzunlikdagi Farg‘ona tajribasi asosida uzum yetishtirish uchun metall konstruksiyadan ishkom o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Respublika ishchi guruhi vakillari mazkur ish jarayonlari bilan ham tanishdi.
Xiva shahrining markazida tashkil qilingan ommaviy sayyor qabul esa aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va bevosita joyida bartaraf etish imkonini yaratdi. Qabul davomida jami 108 ta murojaat kelib tushdi. Muhimi, murojaatlarning birontasi rad etilmadi va ko‘pchiligi shu yerning o‘zida hal etildi. 38 ta fuqaroga tushuntirish va huquqiy maslahatlar berildi. Yechimi muddat talab qiladigan 54 ta murojaatga mas’ullar biriktirilgan holda ijrosi nazoratga olindi.
Bundan tashqari, tibbiy va moddiy yordam, subsidiya va bank kreditlari olish, kommunal tarmoq va shaxsiy masalalar, pensiya va nafaqa olishda amaliy yordam berish yuzasidan ham murojaatlar bo‘ldi.
Malakali va yetakchi tibbiyot mutaxassislari ishtirokida tibbiy ko‘rik tashkil qilindi. Fuqarolarga zarur tavsiyalar bilan bir qatorda statsionar va ambulator tarzda davolanishlari uchun yo‘llanmalar berildi.
Shovot tumani va Urganch shahridagi sayyor qabullarda ham fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Murojaatlarning aksariyati shu yerning o‘zida o‘z yechimini topdi. Ayrim o‘rganish va muddat talab qiladigan masalalar yuzasidan joyiga chiqib o‘rganish bo‘yicha tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari