Mahallalarda sanoat tarmoqlari rivojlanmoqda
Qaror va ijro
Yurtimizning barcha hududlarida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, bunda ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlarini ta’mirlash borasidagi loyihalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar sabab ko‘plab oilalarning ijtimoiy ahvoli yaxshilanmoqda. Xususan, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bu borada tizimli ishlar qilinmoqda.
Jumladan, mahalla binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Mahalla yettiligi faoliyati asosida har bir xonadonning ijtimoiy sharoiti o‘rganildi. O‘tgan yili 206 nafar fuqarolarga tadbirkorlik yo‘nalishida 1 milliard 433 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi, 18 nafar fuqarolarga subsidiya asosida 99 million so‘mlik asbob-uskunalar berildi. Shu bilan birga, 112 nafar fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi, 14 nafar fuqaro chet davlatga rasmiy ishlash uchun yuborilib, 26 nafari tumanga qaytarilib doimiy bandligi ta’minlandi.
[gallery-21472]
Hududda “Sayxunobod”, “Uychi” tajribalari asosida oilalarga amaliy yordam berilmoqda. Mahallada stol-stul yasashga ixtisoslashgan “ENKO-TECH” korxonasining filiali ish boshlagani natijada ko‘plab ishsiz ayollar, yoshlar bandligi ta’minlandi. Hozir bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar xorij davlatlariga ham eksport qilinishi yo‘lga qo‘yilgan. O‘z navbatida ichki bozorda ham mahsulotlarga xaridorlar bor. Bundan tashqari, mahallada hokim yordamchisi tashabbusi bilan 35 ta xonadon vakillariga 2 sotixdan issiqxonalar tashkil etildi va 6 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti faoliyat boshladi.
– 2025 yilda hududdagi yana 48 nafar ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha 550 million so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 20 ta xonadonlarga issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi “Navbahor” MFY hokim yordamchisi Sherzod Mamadaliyev. – Prezidentimizning 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 670 nafar fuqarolarga ajratilgan 202 gektar yer maydonida “Bir kontur bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, ko‘kat va dukkakli mahsulotlar ekish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, hududda 1,7 gektar maydonda sotilmasdan turgan 40 ta lotlarni zarur kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash orqali yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini joylashtirish va mikromarkaz tashkil etish maqsad qilingan. Bunda, mikromarkaz loyiha qiymati 54 milliard so‘m bo‘lib, 100 ta ish o‘rni yaratiladi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.