Mahallalar xavfsizligi ta’minlanadi
Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Xorazm viloyatining “qizil” toifadagi mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Urganch va Xiva shaharlari va tumanlarida olib borilgan o‘rganishlar davomida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va sport bilan doimiy shug‘ullanishi uchun mahalla hududidagi maktab sport zallarida sport seksiyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar mahalla yettiligi va sohaga oid mas’ullar bilan muhokama qilindi va tegishliligi bo‘yicha topshiriqlar berildi.
[gallery-21543]
– Tumanimizga kelgan ishchi guruh tarkibida bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar tomonidan ishlab chiqilgan bukletlar joylardagi barcha mas’ullarga tarqatilmoqda, – deydi Xiva tuman hokimi o‘rinbosari Anvar Xudoyorov. – Jinoyat sodir etilayotgan mahallalardagi kriminogen vaziyatga ta’sir qilayotgan asl omillar o‘rganilgan holda har bir mahalla va tuman xususiyatlaridan kelib chiqib, manzilli profilaktika tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan, ilmiy asoslantirilgan takliflar hududiy «yo‘l xaritalari»ga kiritildi.
Xavfsiz hududni yaratish borasida mahallalar, xonadonlar, ta’lim muassasalari, savdo majmualari va jamoat joylarida fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga bo‘lgan har qanday tajovuzlarning oldini olish yuzasidan huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish, bu borada esa qo‘riqlash xizmati imkoniyatlaridan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yilishi masalalari sektor rahbarlari bilan muhokama qilindi va vazifalar belgilab olindi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri