Mahallalar uchun yangi binolar qurilmoqda
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi, tuman hokimligi mas’ullari, mahalla faollari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratiyaning o‘ziga xos noyob, dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan mazkur tuzilma faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahallalar jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsligini ta’minlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi. Shu ma’noda, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi turmushi farovonligini oshirish, ularning bugungi yashayotgan kunidan rozi bo‘lib, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan yashashini ta’minlashda mahalla institutining o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari muhim dasturilamal vazifasini o‘tayotir.
Mazkur hujjatlarga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), ularni zarur mebel, kompyuter, aloqa vositalari va internet tarmog‘i bilan ta’minlash vazifasi belgilangan. Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash yuzasidan Toshkent viloyati, xususan Qibray tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Tumanimizda 88 ta fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritadi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qibray tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Xusan Avazmatov. – Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi va 2019 yil 2 apreldagi tegishli farmoni talabidan kelib chiqib, ayni paytga qadar ularning 35 tasi ta’mirlandi. 2 ta fuqarolar yig‘inining binosi rekonstruksiya qilindi. 2020 yilda esa “Yuqori yuz”, “Hosildor”, “Ilg‘or”, “Tinchlik”, “Yangi O‘nqo‘rg‘on”, “Obod” va “Shodlik” fuqarolar yig‘ini binolari davlat xususiy sheriklik asosida yangidan qurilib, fevral va mart oylarida foydalanishga topshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil tumanda 12 ta mahallaning binosini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yil 2 apreldagi tegishli farmoni bilan 46 ta mahalla fuqarolar yig‘inining binosi mulk huquqi asosida mahalla tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yil qolgan 42 mahallaning binosini mahallalar tasarrufiga o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Nurafshon” fuqarolar yig‘inining hashar yo‘li bilan kapital ta’mirlangan yangi binosida nafaqat fuqarolar yig‘ini xodimlari, balki bu yerga keladigan har bitta fuqaro uchun barcha qulaylik yaratildi.