Mahallalar faoliyati sarhisob qilindi
Nurafshon shahrida mahalla yettiliklari faoliyati hamda ularning ish samaradorligini oshirish masalalariga oid davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Oila va xotin qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ul xodimi Elmurod Qarshiyev, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosarlari Zuhra Mirg‘oziyeva va Otabek Sultonbekov, Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi rahbari Shuhrat Hoshimov hamda mahalla yettiliklarining viloyatdagi mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab o‘tgan davrda mahallalarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Xususan, joylarda ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, migratsiyada yurgan fuqarolarni yurtga qaytarish va ularga munosib ish topishda ko‘maklashildi.

Sayxunobod tajribasi asosida tomorqadan samarali foydalanish orqali kam daromadli 6 ming 644 ta xonadonda qo‘shimcha daromad manbai yaratildi. Mahallada qog‘oz shaklidagi hujjatlarni rasmiylashtirishni bekor qilish va “yettilik” tomonidan alohida yuritilayotgan tarqoq platformalar o‘rniga “Raqamli mahalla” yagona elektron platformasi ishga tushirildi.

Joriy yil boshidagi tahlillar bo‘yicha viloyatda o‘z xizmat binosi mavjud bo‘lmagan 95 ta mahallada qurilish ishlari amalga oshirish belgilangan. Bugungi kun holatiga Bo‘stonliq tumanida 5 ta, Olmaliq shaharda 2 ta, Bekobod, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Parkent, Yangiyo‘l tumanlarida 1 tadan mahalla yangi bino bilan ta’minlandi. Shuningdek, 26 ta mahallada qurilish-ta’mirlash ishlari qilinmoqda.
Tadbirda belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mahallalar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, ularga samarali ishlab kelayotgan mahallalarning ish uslubi, tajribasidan foydalanish tavsiya etildi.
Muloqot davomida kelgusidagi vazifalar belgilanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar va ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev.O‘zA.