Mahalla yettiligi a’zolari uchun amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi
Poytaxtimizda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan mahalla yettiligi a’zolari uchun amaliy o‘quv-seminar va mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan tasdiqlangan “Barkamol” mahallasida jinoyatchilikni keskin kamaytirish, xavfsiz va nazorat qilinadigan muhitni yaratish hamda hududni jinoyatdan xoli toifaga o‘tkazish bo‘yicha manzilli dastur ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Seminar davomida oilaviy va ijtimoiy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, mediatsiya usullaridan samarali foydalanish, huquqbuzarlikka moyil shaxslar va ijtimoiy xavf guruhidagi fuqarolar bilan muloqot qilish, shuningdek, stressli vaziyatlarda to‘g‘ri yondashuv va muomala yuritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi.
Jumladan, uchrashuv doirasida qabul qilinayotgan qonunlar, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish yuzasidan berilgan savollariga atroflicha javob berildi.
Qayd etilganidek, mazkur o‘quv-seminar mahalla yettiligi a’zolarining huquqiy bilim va kasbiy salohiyatini oshirish, hududda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA