Mahalla tizimi ham e’tibordan chetda qolmaydi
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ijtimoiy hayotimizning barcha qirralari qatori mahalla tizimiga katta e’tibor qaratildi.
Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh?
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ijtimoiy hayotimizning barcha qirralari qatori mahalla tizimiga katta e’tibor qaratildi. Tizimni jiddiy isloh qilish natijasida mahallani xalqchil va aholi manfaatlarini amalda himoya etuvchi institutga aylantirish haqida fikrlar bildirildi. Jumladan, “Obod mahalla – xavfsiz mahalla” degan yangi konsepsiya asosida mutlaqo yangicha tizimni yaratish va amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Mahalla tizimi xodimi sifatida, undagi muammolarni ichidan bilishim tufayli mahallani tom ma’noda o‘zini o‘zi boshqarish organiga aylantirish uchun hali ancha ishlar qilinishi lozimligini uqtirmoqchiman. Keyingi paytda mahallaning mustaqil nodavlat notijorat tashkiloti sifatidagi mavqei biroz yaxshilandi. Har holda, Samarqandda buni kuzatish mumkin. Ishimizga, funksional vazifamizga daxli bo‘lmagan turli yig‘ilish va tadbirlarga jalb qilish holatlariga deyarli barham berildi. Shunday bo‘lsa-da, hali har xil qog‘ozlarni to‘ldirish, boshqa tashkilotlar vazifasini bajarishga undash kabi illatlar kuzatilmoqda.
Murojaatnomada mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan barcha islohotlar, tub o‘zgarishlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish majburiyligini aniq belgilash kerakligi uqtirildi. Bu yo‘nalishda, albatta, mahalla instituti zimmasida ham ulkan vazifa va mas’uliyat yuklanadi. Mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, ular obod bo‘lib, aholisi farovon yashasa, shahar va qishloqlarimiz, butun mamlakat tinch, obod va farovon bo‘lishi kundek ravshan-ku!
O‘zimizning mahalla misolida ayrim masalalar ustida to‘xtab o‘tmoqchiman. Keyingi uch yil ichida mahallamizda jinoyat sodir etilgan emas. Mahalla faollari profilaktika noziri bilan birga doimo mavjud vaziyatdan xabardor bo‘lib turishga harakat qilamiz. Oilalarda muammo vujudga kelsa, uni joyida yechishga intilamiz. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, mahalla ahlining hamjihatligi o‘zaro mehru oqibatni kuchaytirishga, barcha ishlarni yengil va murosa bilan hal etishga imkon yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlar orasida ortiqcha gap-so‘zlarni yuzaga kelishining oldini oladi va mahallada osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zaro hamjihatlikning kuchayishiga mahalla obodligi yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarimiz muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Mahalla markazida olib borgan qurilish va obodonlashtirish ishlarida yoshu qari bir yoqadan bosh chiqarib, mehnat qildi. Natijada o‘z kuchimiz bilan yangi binoni qurib bitkazdik. O‘z mehnatining natijasini ko‘rgan mahalladoshlarimiz xursandligining cheki yo‘q. Bunday tashabbusimiz viloyat mahallalar kengashi e’tiboridan chetda qolmadi. Kengash boshqaruv raisi Badriddin Nasriev amalga oshirgan ishlarimiz bilan tanishganidan so‘ng dastlabki yordam sifatida ajratgan 20 million so‘mga yangi bino uchun stol va stullar sotib oldik.
Shu kungacha uyma-uy yurib aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish oqibatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlasak-da, ularning barchasiga amaliy yordam ko‘rsatish imkoni yo‘q edi. Bu borada limit mavjudligi bizni qiynab kelmoqda. Prezidentimiz aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligini aytib, quyidagi raqamlarni tilga oldi: “Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”.
Davlatimiz rahbari kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish qamrovini kengaytirishni, ijtimoiy nafaqa tayinlashdagi mezonlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni belgilashda ochiq va adolatli tizim yaratishni va bu borada mahallaning ishtirokini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.
Bizda yangi tamoyil – jamiyat islohotlarning tashabbuskori bo‘lishi kerak, degan ustuvor g‘oya bosh maqsad sifatida belgilangan ekan, uni amalga oshirish yo‘lida mahalla ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi shubhasizdir. Endi bundan keyin eskicha mezonlar bilan ishlab bo‘lmaydi!
Toshpo‘lat RAHMATULLAEV
Samarqand shahar
“Bog‘imaydon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.