Mahalla raisi qayta saylandi
Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham joriy yilning 16 may sanasidan fuqarolar yig‘inlari raisligiga saylovlar o‘tkazilmoqda.
Tumandagi Kuyuk ko‘pir ovulidagi 19-sonli umumta’lim maktabi binosida bo‘lib o‘tgan saylovda ovul fuqarolari nomidan jami 252 nafar vakil ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonuni, 2022 yil 16 martdagi Oliy Majlis Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tumanda har bir ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovlarni o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.
bugungi kunda tumanda 2 ta shaharcha, 16 ta ovul va 31 ta mahalla jami 49 ta fuqarolar yig‘inlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasida fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilanib, 25 banddan iborat tadbirlar rejasi hamda 19 nafar kishidan iborat fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
[gallery-7305]
Kuyuk ko‘pir ovulida aholi o‘rtasida fuqarolar yig‘inlari raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan saylovga tayyorgarlik masalalari tushuntirildi. Ko‘chalar, xonadonlardan fuqarolarning vakillik normasi belgilanib, ro‘yxati tasdiqlandi. Hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga oliy ma’lumotga ega, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxslar nomzod qilib ko‘rsatildi.
Barcha nomzodlar o‘rganib chiqilib, tuman hokimi tomonidan Karimova Tamara Otaxonovna hamda Shermetov Jo‘rabek Xolimbetovich nomzodlari tasdiqlandi.
Saylovda har ikkala nomzod dastlab barchani o‘z dasturi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisini saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshirildi.
Ovozlarni sanash natijalari bo‘yicha sanoq komissiyasi tomonidan Tamara Karimovaga 127 nafar, Jo‘rabek Shermetovga 121 nafar vakil ovoz bergani ma’lum qilindi. Ishtirok etgan vakillarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod – amalda ovul fuqarolar yig‘ini raisi lavozimida ishlab kelayotgan Tamara Karimova qayta saylandi.
Tumanning boshqa hududlarida ham fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga saylov jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA