Mahalla raisi islohotchi bo‘lmog‘i lozim
Yurtimizda mahallani haqiqiy o‘zini o‘zi boshqarish organiga aylantirish borasida aniq manzilli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir uchrashuvida “Mahallalar o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlarga ham ega bo‘lmog‘i lozim", "Mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi kerak. Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lish mahallaning asosiy vazifasidir", deb ta’kidlaydi.
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Beshrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Aziz Jumanov yosh bo‘lishiga qaramasdan, yangilikka intiluvchan, harakatchan, aholi dardi bilan yashaydiganlardan. Bevosita uning tashabbusi bilan tadbirkorlarning sa’y-harakati tufayli mahalla hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mahalla 1997 yilda tashkil etilgan. Hozirda 695 ta xonadon mavjud bo‘lib, 762 ta oilada 2605 nafar aholi istiqomat qiladi.
2020 yilda 66 nafar fuqaro ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oila sifatida “Temir daftar”ga kiritilgan edi. Yil davomida “Temir daftar”dagilarning holidan muntazam xabar olindi. Belgilab berilgan mezonlar asosida ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlar natijasida yil yakuni bilan “Temir daftar”dan chiqarildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2020 yilning 8 oktyabr kuni “Jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan ishchi guruh tomonidan mahallada “Ayollar” va “Yoshlar” daftari shakllantirildi, – deydi mahalla raisi A.Jumanov.
– “Ayollar daftari”ga 34 nafar xotin-qiz, “Yoshlar daftari”ga esa 64 nafar yosh kiritilgan. Ro‘yxatga olingan barcha ayollar va yoshlar bilan aniq chora-tadbirlar asosida ish olib bormoqdamiz. Misol uchun “Ayollar daftari”ga ishsizlik toifasi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqaro Hafiza Ustanazarova mahalla hududida ishga tushgan “Navbahor yulduzchalari” xususiy bog‘chasiga o‘zining mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirildi. Bundan tashqari fuqarolar – Gulnoza Eshpo‘latova va Nargiza Baqoyeva imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi bilan ta’minlandi. Yana bir guruh fuqarolarning adliya bo‘limi mas’ullari tomonidan muammolari eshitilib, ularga huquqiy maslahatlar berildi.
Joriy yil davomida “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kirgan 64 nafar yosh bilan tuman hokimi, 1-sektor rahbari va mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida 2 marotaba sayyor qabul o‘tkazilib, yoshlarning muammolari eshitildi va murojaatlar nazoratga olindi.
Suhrobjon Bobonazarov payvandlash bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlardan. Shu bois unga imtiyozli kredit asosida payvandlash apparati olib berildi. Ishsizlik toifasi bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlardan 22 nafari mahalla hududida ishga tushirilishi rejalashtirilgan tikuv sexida ishlash istagini bildirdi va tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan qayta kasbga o‘qitilib, ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. 8 nafar yoshga mahalla hududidagi fermer xo‘jaliklari yerlaridan 20 sotixdan yer ajratilishi belgilandi.
– Mahalla faollari tomonidan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aholi tomorqasidan unumli foydalanish, oilalar moddiy manfaatdorligini yanada oshirish, shuningdek, xonadonlarda qo‘shimcha ravishda chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilikni tashkil etish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Natijada mahalla ahli targ‘ibot ishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda tomorqasidan unumli foydalanishga harakat qilishmoqda, – deydi mahalla raisi.
– Jumladan, Beshrabot ko‘chasida yashovchi fuqaro Ilhom Xudoyberdiyev o‘zi nafaqada bo‘lishiga qaramasdan hovlisida 2 sotixdan iborat issiqxona barpo etgan bo‘lib, pomidor ko‘chatlarini ekib parvarish qilmoqda. Qurama ko‘chasida yashovchi Otabek Primov parrandachilik yo‘nalishi bo‘yicha 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi. “Yangiobod” ko‘chasida yashovchi Baxtiyor Ne’matov esa imtiyozli kredit evaziga asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda.

Mahallada “mahallabay” tizimi bo‘yicha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish uchun 12 ta asosiy yo‘nalish belgilandi va ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda uyma-uy yurilib aholining muammolari o‘rganilmoqda. Bunda “Mahalla – sektor –xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili qo‘l kelmoqda.
Albatta, mahalla raisi tashabbuskor va intiluvchan, xalq orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lsa, aholi ham raisga ishonib, dardi va muammosini ochiq aytadi. Chunki, u muammosi o‘z vaqtida ijobiy yechim topishiga ishonadi. Aholi murojaati o‘z vaqtida nazoratga olingan hududda esa ortiqcha ovoragarchiliklar yuzaga kelmaydi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA