Mahalla obodligi – yurt farovonligi
Bugun yurtimizning barcha go‘shalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida aholining daxldorlik hissini shakllantirish, xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi farmoyishiga asosan Toshkent shahrida o‘tkazilgan hashar davomida jami 405601 nafar fuqaro ishtirok etdi.

Hashar jarayonida 350 gektar maydon obodonlashtirildi. 356 tonna chiqindi chiqarib tashlandi, 118 km ariq va lotoklar tozalandi, 71 ta qabriston va 14 ta ziyoratgohlar obodonlashtirildi, 37282 ta manzarali va mevali daraxtlar ekilib, 355 ta texnika vositalari jalb etildi. Hashar jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatish bo‘yicha 128 ta oilaning 4800 m2 uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. 514 nafar ehtiyojmand oilaga, shundan 189 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Mazkur xayriya tadbirlariga “Mahalla” fondi va homiylar tomonidan 250 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, hashar kuni mahallalarda 11 dan ziyod savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, shundan, 5 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi 4 ta mahalla idorasi, 2 ta bolalar maydonchasi foydalanishga topshirildi.
Shahrimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va tozalik oyligi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

“Mahalla” fondi Toshkent shahar bo‘limi.
O‘zA