“Mahalla – mening taqdirimda” tanlovi bo‘lib o‘tdi
Jizzaxda "Qadriyatlar beshigisan - aziz mahallam!" shiori ostida har yili o‘tkazib kelinayotgan "Mahalla — mening taqdirimda" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘rik-tanlov yoshlar o‘rtasida tarixiy xotira, yuksak ma’naviyat, o‘zbek xalqining tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirish oshirish maqsadida viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi Jizzax davlat pedagogika instituti, viloyat xalq ta’limi, madaniyat, kasbiy ta’limni rivojlantirish hududiy boshqarmalari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda uch bosqichda o‘tkazib kelinayotir. Tanlovda umumta’lim maktablarining 9,10,11-sinfi o‘quvchilardan iborat jamoalar ishtirok etishmoqda.
Ko‘rik tanlov viloyat bosqichida tanlovning shahar, tuman bosqichida g‘olib chiqqan 13 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalar to‘rtta shart bo‘yicha g‘oliblik uchun kurashdilar.
Tanlov yakunida Paxtakor tumanidagi “Dilorom” mahalla fuqarolar yig‘inining «Mahallamiz yoshlari» jamoasi birinchi o‘ringa munosib topildi.
G‘allaorol tumani Olimlar mahalla fuqarolar yig‘inining «Olimlar» jamoasi ikkinchi, Do‘stlik tumanidagi “Saritepa” mahalla fuqarolar yig‘inining «Mahallamiz yoshlari» jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Tanlov g‘oliblari diplomlar va Jizzax viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.
T. BEKNAZAROV, O‘zA