Mahalla hamjihatlik timsoli
Har qanday ulkan ish ezgu niyatdan boshlanadi.
Har qanday ulkan ish ezgu niyatdan boshlanadi. Ortda qolgan 2019 yilga nazar tashlab, bosib o‘tilgan yo‘l, erishilgan natijalarni tahlil etar ekanmiz, ana shu hayotiy haqiqatga yana bir karra ishonch hosil qilamiz.
Zero, shu vaqt ichida birgina fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida qator yutuqlar qo‘lga kiritildiki, buning samarasi kundan-kunga chiroy ochib borayotgan mahallalar qiyofasida, turmushimiz farovonligida, yig‘inlardagi odamlar kayfiyatida, mahallalar ish faoliyati samaradorligida namoyon bo‘layotir.
2020 yilda ham oldimizga ulkan rejalarni qo‘yganmiz. Jumladan, mahallalar faoliyati samaradorigini oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”, jamoat tashkilotlarining hamkorlik dasturi tegishli chora-tadbirlar rejalariga asosan, manzilli va tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi.
Yoshlar ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirish, ularni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik ruhida tarbiyalash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, mahallalardagi muhitni yanada sog‘lomlashtirishga munosib hissa qo‘shish, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va muvofiqlashtirish mazkur hamkorlik dasturidan ko‘zlangan asosiy maqsaddir. Bunda bir qator muhim jihatlarga e’tibor qaratiladi.
Xususan, mahalla institutining jamiyatdagi rolini oshirish, jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya”si, shuningdek, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tizimida mahalla institutining rolini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda ham uyma-uy yurish orqali aholi muammolarini aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha “Mahalla – Xalq qabulxonasi – sektor – mahalla” hamkorlik tizimi samarali ravishda davom ettiriladi. Har bir fuqarolar yig‘ini bo‘yicha ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha hududdagi muammolardan kelib chiqib, «Harakatlar rejasi» tayyorlanadi.
Oilaviy ajrimlar, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar jinoyatchiligi, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish maqsadida mahalla raislari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis, profilaktika inspektori hamda uning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi hamkorligini kuchaytirish maqsadida namunali tizim ishlab chiqiladi.
Mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarni ehtiyojmandlik darajasidan chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborimizda bo‘ladi. Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalarini har oyda tuman va shahar, viloyat hamda respublika kengashlari yig‘ilishlarida muhokama qilish, aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha hududiy va tuman (shahar) kengashlarida har oyning 10 sanasida “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazish, barcha maktablarda har oyning uchinchi juma kunini “Keksalar ma’rifati” soatlari sifatida belgilash rejalashtirilgan.
Mahallalarda aholiga tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish, joylarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash, mahallalarda to‘y-marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ham asosiy vazifalarimizdandir.
Umuman, 2020 yilda oldimizda muhim ishlar turibdi. Bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilsak, ularning uddasidan chiqamiz.
Shavkat JAVLONOV,
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari
faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha
respublika kengashi boshqaruvi raisi.