Mahalla aholi farovonligini ta’minlashda jamoatchilik va davlat o‘rtasidagi tayanch ko‘prikdir
Keyingi yillarda mahalla institutini isloh qilish, uni aholi hayotiga yaqin va samarali tizimga aylantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Unga ko‘ra ijtimoiy yordam va subsidiyalarni aholini kambag‘allikdan chiqarishga maqsadli-manzilli yo‘naltirish, qarorlar qabul qilishda ochiqlik, haqqoniylik, ijtimoiy adolat va shaffoflik tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash uchun “mahalla yettiligi” mas’ul etib belgilandi.
Shuningdek, 2023-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan Mahallalar uyushmasi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar tizimi tashkil etildi. Bu orqali “mahalla yettiligi” mahallani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimiga institutsional jihatdan integratsiya qilindi.
Mazkur islohotlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan izchil davom ettirildi. Xususan, Hukumatning 2024-yil 15-martdagi qarori bilan “Mahalla yettiligi” fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining namunali tuzilmasiga kiritildi. Bu esa mahallabay ishlash tizimiga mas’ul shaxslar faoliyatini hamda ularning o‘zaro hamkorligini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Mahallada “yettilik” tizimining joriy etilishi natijasida kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirildi. Bu esa aholi muammolarini joyning o‘zida hal etish, manzilli ishlash mexanizmlarini kuchaytirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini bevosita fuqarolarga yaqinlashtirish imkonini berdi. Ana shu yondashuv natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqqani, ishsizlik darajasi esa 2 barobar qisqargani qayd etilmoqda. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, bugungi kunga kelib yurtimizda 9 mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 60 ming nafardan ziyod “mahalla yettiligi” vakillari va mas’ul xodimlari faoliyat olib bormoqda.
O‘tgan yildan boshlab mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish ishlariga bank tizimi keng jalb etildi. Tuman va shaharlarda banklarning mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil qilinib, ularga “mahalla bankirlari” biriktirildi. Mahalla institutini yanada rivojlantirishning strategik maqsadlari va ularga erishish bosqichlari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan.
Ushbu islohotlar doirasida mahallalarda aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Xususan, fuqarolarning mahalliy qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida “Mahallam – loyiham” dasturi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur dastur uchun “Raqamli mahalla” platformasida maxsus modul va mobil ilova ishga tushirildi.
Loyiha doirasida, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta hududdagi 1 609 ta mahallada “mahalla yettiligi” va faollar ishtirokida 1 390 ta tashabbus shakllantirildi. G‘oliblar bevosita aholining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berishi orqali aniqlandi. Ovoz berish jarayonida qariyb 45 ming nafar fuqaro ishtirok etib, 33 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ushbu loyihalar asosan sport va bolalar maydonchalari qurish, quyosh batareyali ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish, ta’lim muassasalari hamda kutubxonalarni jihozlash, piyodalar yo‘lakchalari va mini-parklar barpo etishga qaratilgan.
Islohotlar natijasida mahalla aholi yashash joyida davlat xizmatlari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik boshqaruvini uyg‘unlashtirgan ko‘p funksiyali institutga aylandi. Mahalla institutining xalqaro amaliyotdagi o‘rnini belgilash uchun xorijiy quyi bo‘g‘in modellarini uch yondashuv kesimida qiyoslash maqsadga muvofiq. Jumladan, davlat boshqaruvi vertikaliga integratsiya qilingan model (Xitoy), davlat qo‘llab-quvvatlaydigan jamoat tarmoqlari modeli (Singapur) va vakillikka asoslangan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish modellari (Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Fransiya). Bu tanlov quyi bo‘g‘in institutlarining tuzilishi, tarkibi, kadrlar tayyorlash va faoliyatni baholash tartibini turli boshqaruv an’analarida solishtirish imkonini beradi.
Xitoy Xalq Respublikasida aholi yashash joyidagi quyi bo‘g‘indagi jamoaviy o‘zini o‘zi boshqarish institutlari sifatida shaharlarda – aholi qo‘mitalari, qishloqlarda esa – qishloq aholisi qo‘mitalari faoliyat yuritadi. Ushbu tuzilmalar aholining o‘zini o‘zi boshqarishi, o‘zini o‘zi tarbiyalashi va o‘z ehtiyojlariga xizmat qilishiga asoslangan boshlang‘ich ommaviy o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotlari hisoblanadi.
Singapurda mahalliy jamoatni birlashtirish, hududiy darajada ishni tashkil etish va ichki vazifalarni taqsimlashga doir ayrim tartiblar 1960-yilgi Xalq uyushmasi to‘g‘risidagi qonun hamda “Xalq uyushmasi (Jamoatni rivojlantirish kengashlari) to‘g‘risida”gi qoidalarida nazarda tutilgan.
Xalq uyushmasining vakolatlari boshqaruv kengashi orqali amalga oshiriladi. Uning maqsadlari – aholining ijtimoiy, madaniy, ta’limiy va sport faoliyatidagi ishtirokini rag‘batlantirish, ko‘p millatli jamoaga mansublik tuyg‘usini mustahkamlash va yetakchilikni tarbiyalashdir. Shu bilan birga u jamoat markazlari, klublar va institutlarni ham boshqaradi.
O‘ziga xosligi shundaki, vazifalar bitta bo‘g‘inda jamlanmagan. Yuqoriroq hududiy bo‘g‘in sifatida Jamoatni rivojlantirish kengashlari aholi ehtiyojlarini aniqlaydi va davlat, maktab, jamoat hamda xususiy sheriklar imkoniyatlarini birlashtirib, hudud muammolarini hal qiladi. Shuning uchun Singapur modeli huquqiy jihatdan markaziy jamoat instituti + mahalla darajasidagi quyi tuzilmalar + hududiy rivojlanish kengashlari shaklida ishlaydi, deb baholash mumkin.
Qozog‘istonda esa mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish sohasida funksiya jihatidan aholi ishtirokini ta’minlaydigan asosiy institut – mahalliy jamoat hamjamiyati tizimi hisoblanadi. Uning asosiy shakllari mahalliy hamjamiyat yig‘ini va mahalliy hamjamiyat yig‘ilishi hisoblanadi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Qozog‘istonda mahalliy hamjamiyat komissiyasi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etish uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish daromad manbalaridan foydalanish yuzasidan monitoringni qishloq, posyolka, qishloq okrugi yoki tuman ahamiyatidagi shahar hokimi apparati taqdim etgan materiallar asosida amalga oshiradi.
Yangi Zelandiyada mahalliy hamjamiyat kengashi (community boards) mahalliy hokimiyat tizimi doirasida muayyan hudud manfaatini ifoda etadigan vakillik organi hisoblanadi. Mazkur davlat tajribasining e’tiborga loyiq jihati shundaki, mahalliy hamjamiyat kengashi qonunchilikda nafaqat jamoa manfaatini ifoda etadigan organ sifatida, balki hududda ko‘rsatilayotgan mahalliy xizmatlar ustidan umumiy kuzatuv olib borish, o‘z hududi bo‘yicha xarajatlar va byudjetga doir takliflar kiritish, jamoa uchun ahamiyatli masalalarni rasman ko‘rib chiqish, mahalliy tashkilotlar va manfaatdor guruhlar bilan aloqa qilish vakolatiga ega mustaqil vakillik tuzilmasi sifatida ham mustahkamlangan.
Fransiyaning Mahalliy hududiy jamoalar umumiy kodeksiga muvofiq, 80 000 va undan ortiq aholiga ega kommunalarda munitsipal kengash kommuna tarkibidagi har bir kvartalning chegarasini belgilaydi. Har bir kvartal uchun kvartal kengashi (conseils de quartier) tuziladi. Mazkur kengashning nomi, tarkibi va faoliyat yuritish tartibi munitsipal kengash tomonidan belgilanadi.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, institutsional tuzilishi jihatidan “mahalla yettiligi” Xitoydagi jamoa xodimlari tizimiga eng yaqin model hisoblanadi. Har ikki tizimda ham aholi muammolari uyma-uy o‘rganiladi, ijtimoiy yordam manzilli ko‘rsatiladi, davlat qarorlari quyi bo‘g‘inda ijro etiladi va xodimlar shtatli asosda faoliyat yuritadi.
Singapur, Yangi Zelandiya va Fransiya modellarida quyi bo‘g‘in tuzilmalari asosan saylanadigan yoki jamoatchilik tavsiyasiga ko‘ra, shakllanadigan kollegial organlardir va ularning tarkibida sohalar bo‘yicha majburiy vakillik nazarda tutilmagan. Shu bilan birga, ko‘rib chiqilgan modellar uchta umumiy xususiyatga ega. Birinchisi, quyi bo‘g‘in kadrlari maxsus o‘quv tizimi orqali tayyorlanadi (Xitoy, Singapur). Ikkinchisi, mahalliy mablag‘lar sarfi ustidan hisobdorlik yuritiladi (Qozog‘iston). Uchinchisi, aholi o‘z hududiga oid masalalar bo‘yicha taklif kiritish va byudjetga ta’sir ko‘rsatish huquqiga ega (Yangi Zelandiya).
Xorijiy tajribadagi ushbu umumiy xususiyatlar mahalla tizimini rivojlantirishga doir milliy hujjatlarimizda o‘z aksini topgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mahallani rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, u 74-maqsad sifatida mustaqil ustuvor vazifa tarzida belgilangan. Unga ko‘ra mahalla aholi farovonligini ta’minlash va hududlardagi kundalik masalalarni hal etishda jamoatchilik bilan davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantiriladi.
Eng muhimi, bu ishlar natijasida mahalla odamlar uchun o‘zlari ishtirok etadigan va o‘zgarishni sezadigan makonga aylanadi.
Inobat HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA