Mahalla ahli uchun bayramona sovg‘a
Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan Oltiariq tumanida ham bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Jumladan, "Chordara" mahallasidagi tibbiyot muassasasining yangilangan binosi mahalla aholisi uchun bayramona sovg‘a bo‘ldi.
Mazkur qishloq vrachlik punkti bir necha yillardan beri anchagina ta’mirtalab holga kelib qolgan edi. Hududdagi 2,5 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan qishloq vrachlik punktida rekonstruksiya ishlari olib borildi. Binoning ichki va tashqi tomoni butunlay yangi qiyofaga ega bo‘ldi.

Qishloq vrachlik punktining yangilangan binosini foydalanishga topshirish jarayonida tuman hokimi Shamsiddin Turdaliyev, sektor rahbarlari, tibbiyot xodimlari, mahalla faollari hamda OAV vakillari ishtirok etib, muassasa va undagi yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tuman rahbari mahalla aholisi va tibbiyot xodimlariga yuzlanar ekan, so‘nggi yillarda yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib, ushbu maskan ham aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mahsuli ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tuman hokimi barchani istiqlol ayyomi bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik tiladi va QVPning rekonstruksiya ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh mahalla faollariga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Xushovoz xonandalar tomonidan kuylangan mustaqillikni, tinchlikni madh etuvchi taronalar mahalla ahliga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shohsulton To‘xtamatov