Magistratura qabuli bo‘yicha ayrim arizalar rad etilgan
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga qabul bo‘yicha my.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqildi.
Ko‘rib chiqish natijasida ayrim arizalar turli sabablar, jumladan, tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos yoki turdosh emasligi, xorijiy tilni bilish bo‘yicha sertifikat, shuningdek, SAT sertifikati tasdiqlanmagan yoki belgilangan darajada bo‘lmagan, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqa hujjat yuklangan yoki to‘liq yuklanmagan, xorijiy tildagi ta’lim dasturini yakunlagani tasdiqlanmagan, hujjatlar sifatsizligi hamda boshqa sabablarga ko‘ra rad etilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, arizasi yuqoridagi kabi kamchiliklar sababli rad etilgan talabgorlarga 2026-yil 26-avgust kuni soat 14:00 ga qadar my.edu.uz elektron tizimi orqali arizalarini qayta tahrirlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati beriladi. 26-avgust kuni soat 14:00 dan so‘ng arizalarni tahrirlash imkoniyati berilmaydi. Aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Qayd etilishicha, xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha talab etilgan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega emasligi yoxud mavjud sertifikat talab darajasiga javob bermagani sababli rad etilgan arizalarni qayta tahrirlash tavsiya etilmaydi. Bunday holatda qayta tahrirlangan arizalar ham ko‘rib chiqilmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA