Mag‘rurlikka chorlovchi qo‘shiq
O‘zbekiston madhiyasi! Bizni o‘rnimizdan turg‘izgan qo‘shiq.
10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun
O‘zbekiston madhiyasi! Bizni o‘rnimizdan turg‘izgan qo‘shiq. Bizni bir-birimizga yaqinlashtirgan, bizni birlashtirgan qo‘shiq.
Zero, madhiyamiz kuylanayotganda biz bir vujudga aylanamiz. Biz uni birgalikda kuylamoqdamiz. Ammo, har birimiz kuylamoqdamiz. Inson inson bo‘lib dunyoga kelar ekan, har kimning o‘z qo‘shiqlari bo‘ladi. Ona haqida, beg‘ubor muhabbat, bobolari yotgan zamin haqida.
Yurt madhiyasi muqaddas qo‘shiq! Madhiya kuylayotganimda yonimda turgan zamondosh, siz ham xuddi men kabi hayajon bilan, g‘urur bilan kuylamoqdasiz. Madhiya aytayotgan zamondoshim mening yonimda bir baravar balandlagandek, butun bir saroy, maydon yuksakka ko‘tarilgandek tuyiladi nazarimda.
Yurt madhiyasi mag‘rur qo‘shiq. Mustaqil Vatan madhiyasini kuylayotgan insonning yelkasi qisiq bo‘lmaydi, boshi egik bo‘lmaydi.
Dunyo sport maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda beixtiyor ko‘zlarimizda yosh qalqiydi. Albatta, bu birinchi galda sevinch yoshlari, baxtiyorlikning ta’rifsiz ifodasi bo‘lish bilan birga bu kunlarning kelishini komil ishonch bilan kutgan, shunday kun kelishini dadil aytgani uchun og‘zi bekilgan, qo‘lyozmalari yoqilgan, surgun qilingan, “Alvasti ko‘prik”larda otilgan ajdodlarimiz armonini yodga tushiradigan armon tomchilari...
Madhiyamiz qabul qilingan kun muborak aziz zamondosh!
Yurtimizdagi ezgulik sari dadil tashlanayotgan qadamlarimizga butun dunyo tan bermoqda. Bu asriy orzular chamanzoriga ketmas bahor kelganidan dalolat. Har bir kunimizda yurtdoshlarimizning “Shunday qilsa bo‘lar ekan-ku”, “Bor ekan-ku haqiqat”, “Biz buni uddaladik, demak bundan-da yuqori marralarni ham bemalol zabt eta olamiz”, – degan shukronalarini eshitmoqdamiz. Yurtdoshlarimiz tog‘larni teshib ellarni-ellarga yaqinlashtirayapti.
Madhiyamiz uyg‘oqlikka chorlovchi chorlov.
O‘zbeklar azaldan uyg‘oq millatdir. Bu uyg‘oqlik bizning tomirimizda, jonimizda, vijdonimizdadir. Zero, dunyo uyg‘ongannikidir. Avesto kitobida shunday yozilgan: Erta tur! Niyat qil! Amal qil!
O‘zbek uyg‘oq demak, dunyo o‘zbeknikidir.
G‘aflat lazzatini yengib, bedorlik tojini kiygan Sohibqiron Amir Temur bobomiz yetti iqlim hukumdori bo‘la oldilar. Sulton Mirzo Ulug‘bek osmon toqiga narvon qo‘ydi. Mudrab yotgan tamaddun beshigiga uyg‘onmoq saodatini bergan Muhammad Musa Al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nosir Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al Buxoriy, Hakim at Termiziy, Moturudiy, Abu Iso Muhammad at Termiziy, Xoja Ahrori Valiy, Abulays Samarqandiy, G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband kabi bobolarimizdir.
Dunyo ma’naviyatining to‘rt ustundan biri Mir Alisher Navoiy:
G‘olib dushmandin har dam g‘ofil qolma,
O‘chirolmas isyon o‘tin haramingga solma,
deb ogohlantirib, g‘ofillik sening eng muqaddas narsalaringni o‘chmas o‘tda kuydiradi, deya uqtiradi.
Hazrat bobomiz Sulaymon Boqirg‘oniy munojat aylab:
Manim xor bo‘lmishim o‘z g‘aflatimdin,
Magar qilsang nazar ehsondin ortiq,
deganlarida uyg‘onmoqlikning ichida uyg‘onmoqlik borligini bizga tushintiradilar.
Men gapni Boqirg‘oniyning:
“Manim xor bo‘lmishim o‘z g‘aflatimdin” satrlari ila davom ettirishni istardim. Boqirg‘oniy hech qachon g‘aflat changaliga o‘zini topshirmaganlar.Ular bizni uyg‘otayaptilar. Ey, xor bo‘lgan o‘zingga bir nazar qil, o‘zingni taftish ayla qachon boshlandi senda g‘aflatga qullik? O‘zlari javob beradilar: Xorlik g‘aflatdandir.
Zahiriddin Muhammad Bobur aytadi:
G‘aflat uyqusidan uyg‘on gar tilar bo‘lasang murod,
Kim, yetar maqsadga har kim bo‘lsa ul bedorroq.
***
Ona O‘zbekistonimiz, bugun to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgan to‘y egasiga o‘xshaydi. Yuzida mamnunlik, qalbida shukronalik, harakatlaridan kuch-g‘ayrat yog‘ilib turgan to‘y egasi. Yetkazganiga shukur.
Muhtaram Prezidentimiz tashrif buyurayotgan davlatlar o‘z yurtlarining bayrog‘i yoniga O‘zbekiston bayrog‘ini qo‘yib yurtini bezatadilar. Tashrifning tantanali qismida eng avvalo O‘zbekiston madhiyasi yangraydi. Mezbon mamlakatning zo‘r orkestrlari bizning madhiyamizni ijro etadi. Dunyo davlatlari rahbarlari ta’zim bilan tinglaydi,ehtirom ko‘rsatib bosh egadi.
Biz uyg‘ondik, biz birlashdik, biz dunyoning odamlari baxtli
ikki davlatining biriga aylandik. Amudaryo sohiliga kiyikchalar suv ichgani kelishdi. Sirdaryoga oq chorloqlar qaytdilar.
Muhtaram Prezidentimiz”Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” deb bizga ishonch bildirdilar. Bu ishonchni oqlash kerak. Bu ishonchga munosib bo‘lish kerak. Atrofga qarash kerak. Buyuk o‘zgarishlar. Har qadamda istiqlol g‘oyalariga sadoqat, otayotgan oq tonglarga muhabbat.
Asrlar o‘tadi O‘zbekiston madhiyasi mag‘rur jaranglab qalblarga ezgulik urug‘ini sochaveradi. Bugun bog‘chada madhiyamizni chuchuk tillarida kuylayotgan nabiralarimizning nabiralari ham madhiyani kuylayotganda bo‘ylari bir gaz o‘sadi. Albatta, ular ham madhiyamizning so‘zini yozgan Abdulla bobosi, ko‘y bastalagan Mutal bobosining nomlarini ham yoddan chiqarmaydilar.
Zulfiya MO‘MINOVA, shoira,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.