Maftunkor yurtning jozibador brendi
Yaqinda “Barselona” futbol klubining mohir hujumchisi Luis Suares bilan bog‘liq quyidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
Yaqinda “Barselona” futbol klubining mohir hujumchisi Luis Suares bilan bog‘liq quyidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.Suares oilasi bilan Samarqandga kelib ketgan. Bu haqda futbolchining o‘zi xabar tarqatgan. Registon maydonida suratga tushib, “Instagram”dagi shaxsiy sahifasiga joylashtirgan. Muxlislar undan u yerga qanday borib qolgani haqida so‘rashganda, urugvaylik futbolchi shunday javob qilgan: "Mashg‘ulotlardan so‘ng jurnal varaqlab o‘tirib, qiziq bir ma’lumotga ko‘zim tushdi. Unda inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marta borib ko‘rishi zarur bo‘lgan shaharlar nomi ko‘rsatilgan ekan. Mavsum tugagach, oilamni olib, to‘g‘ri Samarqandga uchdik. Bor gap shu!"
Bu xabarning nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida bir nima deyolmaymiz. Lekin xalqaro doiralarda tan olingan va katta nufuzga ega bo‘lgan “The Huffington Post” internet nashri tomonidan Samarqand inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marta borib ko‘rishi albatta shart bo‘lgan dunyodagi 50 shaharning biri sifatida e’tirof etilgani rost.
Bugun nafaqat Samarqand, balki Toshkent, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Termiz, Marg‘ilon shaharlari va YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan boshqa ko‘plab obidalarimiz xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Bu qadim va boy tarixga ega diyorimizda turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida turizm sohasini xalqaro norma va standartlar darajasiga ko‘tarish va yanada rivojlantirish maqsadida milliy dastur va loyihalar ishlab chiqilib, hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgani samarasida Vatanimizga kelish istagini bildirayotgan sayyohlar ko‘paymoqda. Masalan, o‘tgan yili jahonning 80 ga yaqin davlatidan sayyohlar yurtimizga tashrif buyurdi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, mamlakatimiz qisqa fursat ichida bunday salmoqli natijaga erishishining zamirida qanday omillar mujassam?
Ekspertlarning fikricha, sayyohlarni qabul qiladigan muayyan davlatda tinchlik, xavfsizlik, siyosiy va iqtisodiy jihatlar barqaror bo‘lsa, o‘sha yerda xalqaro turizm rivojlanadi, samaradorligi ortadi.
Insoniyat XXI asrda yashayotganiga ham 15-yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida dunyoning turli mintaqalarida ko‘plab qonli to‘qnashuvlar, xunrezliklar, portlashlar sodir etildi. Yirik shaharlar vayronaga aylandi, umumbashariy tamaddunga tegishli bo‘lgan qadimiy obidalar yo‘q qilindi. Buning oqibatida kechagina turizm gurkirab rivojlangan mamlakatlarda bugun sayyohlar oqimi keskin kamaydi, hatto ba’zilarida butunlay to‘xtab qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, tinchlik va xavfsizlik bo‘lmagan joyda hech qanday sayyohlik bo‘lishi mumkin emasligi hayotda o‘z isbotini topdi.
Yurti tinch, halovatli elning har kuni fayzli-tarovatli bo‘ladi, deyishadi. Chindan ham, el-yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, sarhadlarimiz osoyishta. Shunday erkin va obod yurtga tinchlik mudom yo‘ldosh bo‘ladi, qut-baraka arimaydi, xalqi aziz bo‘lib, farahbaxsh kunlar saodatidan masrur yashaydi. To‘ylari to‘yga, bayramlari bayramlarga ulanaveradi.
Tarixi necha ming yillarga borib taqaladigan bunday dilbar maskanlar o‘zining ulug‘vor me’moriy yodgorliklari, betakror sharqona qiyofasi va ruhi bilan sayohatchilar, turistlar va mehmonlar e’tiborini tortadi.
Shu kunlarda poytaxtimizning shundoq biqinida joylashgan va milliy shaharsozlik san’ati, me’morchiligimizning noyob yodgorligi bo‘lmish Zangi ota majmuasiga borsangiz, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur bilan bog‘liq ushbu maskanning tobora chiroy ochib, ko‘rkam va fayziyob bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Zangi ota ansambli va uning atrofida amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari aqlni shoshiradi. Maqbara, masjid va xonaqohlar yonida nainki Markaziy Osiyo, uzoq Yevropa va Amerika mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilarni uchratasiz.
– O‘zbekiston va uning ulkan sayyohlik salohiyati haqida ko‘p eshitganman va o‘qiganman, – dedi o‘zini Bernd Xeyn, deb tanitgan shvetsiyalik sayyoh. – Bu yerdagi ochiqko‘ngil va mehmondo‘st odamlar bilan suhbatlashib, qalbim quvonchga to‘ldi. O‘zbekistonda sayyohlarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Qolaversa, bu yerlar yashash uchun juda qulay ekan.
“...Bu yerlar yashash uchun juda qulay”. Yurtimizga kelgan sayyohning e’tirofi. Chindan ham, o‘tgan yillar davomida shaharlarni kompleks qurish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida Toshkent, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Nukus, Urganch, Qarshi, Termiz va boshqa ko‘plab shaharlar qiyofasi tubdan o‘zgardi. Mamlakatimizga keluvchi sayyohlar oqimi ko‘paydi. Ularning kelib-ketishi, ma’lum muddat yashashi, maroqli dam olishi uchun zamonaviy qulayliklar yaratildi.
Mutaxassislarning fikricha, sayyohlarni qabul qiladigan muayyan davlatda xalqaro turizmni yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirishda sayyohlik infratuzilmasining rivojlangani, sayyohlar uchun mo‘ljallangan obyektlarning har tomonlama maqbulligi, transport va mehmonxona xizmatlari, umuman, sayyohlik logistikasi bilan bog‘liq barcha xizmatlarning qulayligi, zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari orasida eng katta sayyohlik salohiyatiga ega bo‘lgan davlatdir. Vatanimiz o‘zining tarixiy va xushmanzara maskanlari, Buyuk ipak yo‘lining rivojlanishini o‘zida aks ettirgan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy yodgorliklariga boy bo‘lgan bebaho merosga egaligi jihatidan dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 550 sayyohlik kompaniyasi – turoperatorlari faoliyat yuritmoqda, mamlakatimizdagi tarixiy obyektlar, arxitektura va shaharsozlik obidalarining aksariyatini qamrab olgan yuzdan ortiq xalqaro sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu yo‘nalishlarning 65 tasi tarixiy-madaniy meros obyektlari bo‘lsa, 30 tasi tabiiy-rekreatsion, 15 tasi sog‘lomlashtirish turizmi elementlarini o‘z ichiga olgan ekologik yo‘nalishlardir.
Hozirgi vaqtda yurtimizda 50 mingdan ziyod o‘ringa ega 500 dan ortiq mehmonxona, motel va kempinglar sayyohlarga xalqaro standartlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan davrda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg‘ona va Navoiy shaharlari aeroportlari modernizatsiya qilindi va xalqaro aeroportlar soni 11 taga yetdi. Milliy aviakompaniyamiz zamonaviy“Airbus” va “Boeing” avialaynerlari bilan ta’minlandi. Ushbu samolyotlar Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikaning 50 dan ortiq shaharlariga muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasida ishlab chiqarilgan,yuqori tezlikda harakatlanadigan zamonaviy elektr poyezdlarining kunda ikki marta qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
E’tiborlisi, yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdi qatnay boshlaganidan buyon yurtimizda chet ellik sayyohlar soni sezilarli darajada ko‘paydi. Buxoro va Qarshi shaharlarigacha yuqori tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish va qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu turizm rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekistonda 2009-2014-yillarda umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik investitsiyalar hisobidan uzunligi 2600 kilometr bo‘lgan zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, shuningdek, kempinglar, yonilg‘i quyish shoxobchalari, ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlarini o‘z ichiga olgan ko‘plab yo‘l bo‘yi infratuzilma obyektlari barpo etildi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida xalqaro turizmning asosiy tuzilmasini rivojlantirish uchun jami investitsiyalarning 580 million dollardan ortig‘i yo‘naltirildi va bu boradagi o‘sish 2013-yilga nisbatan 19 foizdan ziyodni tashkil etdi.
Mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati haqida gap ketganda, hududlarda shakllangan va rivojlangan eng qadimiy sivilizatsiya va madaniyatlar, qoyatoshlardagi yozuvlar va iyerogliflarni, noyob tarixiy obidalar, moddiy madaniyat va me’morlikning ulug‘vor hamda betakror namunalarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Boisi, ularni ayni paytda Yaponiya, Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlarning ko‘plab olim va mutaxassislari o‘rganmoqda.
Bilasiz Parij, London, Berlin, Rim, Tokio, Madrid va dunyoning boshqa shaharlarida yirik sayyohlik ko‘rgazmalari tez-tez o‘tkazib kelinadi. Turli davrlar va sivilizatsiyalarga oid 7 mingdan ortiq yodgorliklarga ega O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmalarda muntazam qatnashib kelayotgani ham diyorimizning xalqaro turizmni rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish borasida o‘tgan qisqa fursat ichida boy tajriba to‘plaganidan dalolatdir.
O‘tgan yili oktabr oyining boshlarida Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda ushbu tashkilot rahbarlari va a’zolari, turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha vazirlik va idoralar, sayyohlik tashkilotlari boshliqlari, olimlar va mutaxassislar, umuman, dunyoning 150 dan ortiq turizm sanoati vakillari ishtirok etdi. Xalqaro anjuman ishtirokchilari Prezidentimiz rahnamoligida turizmni rivojlantirish va mamlakatimizga sayyohlarni yanada kengroq jalb etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berdi.
Bular maftunkor diyorimizning jozibador brendi – turizm sohasini zamonaviy norma va standartlar darajasiga ko‘tarish hamda yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi, mazkur soha istiqboli haqida qisqacha ma’lumot...
Shularni yozib bo‘lgach, beixtiyor kitob javoniga qaradim. “Javohirlar ummoni” orasidan qo‘limga ilingani yupqa muqovali qalin kitob bo‘ldi. Avstraliyada taniqli yozuvchilar Bredli Meyxyu, Pol Klammer hamda Maykl Kon hammuallifligida chop etilgan mazkur kitobning jildida Buxorodagi qadimiy Mir Arab madrasasining yuqoridan olingan surati aks ettirilgan.
Mamlakatimizga sayohat qilish istagida bo‘lgan turistlar uchun o‘quv-qo‘llanma sifatida chop etilgan ushbu kitobda Vatanimizning tarixi, buguni, san’ati, madaniyati, tabiati, mashhur insonlari, sayyohlarni qabul qilish hamda ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyati, xalqimizning milliy urf-odat va an’analari, yurtdoshlarimizning kundalik yumushi va boshqa ko‘plab ma’lumotlar o‘rin olgan.
Kitobni varaqlab, o‘zimni yurtimiz bo‘ylab yana bir bor sayohat qilganday his qildim. Faqat bu galgi hamrohlarim o‘zimning qadrdon do‘stlarim emas, kulollarimizning mahoratini o‘rganish uchun Fransiya, Germaniya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan mutaxassislar edi. Ular bilan sayohatimiz g‘oyat mazmunli bo‘ldi.