Maʼrifatli el oʻz ulugʻin unutmas
9-aprel – Sohibqiron Amir Temur tugʻilgan kun.
9-aprel – Sohibqiron Amir Temur tugʻilgan kun
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda Sohibqiron Amir Temur tugʻilgan kunning 684-yilligiga atab “Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat” mavzuida onlayn maʼrifiy-ilmiy suhbat oʻtkazdi.
Ushbu maʼrifiy suhbat Zoom platformasida onlayn formatda tashkil etildi. Onlayn muloqotni institut rektori Gulchehra Rixsiyeva va boshqalar zaminimizning har qarichida tarix mujassam ekanligini, Sohibqiron Amir Temurdan ulkan davlatchilik, ilmu urfon, madaniy meros qolganligi, ularni chuqur hamda tizimli oʻrganishga qodir mutaxassis boʻlib yetishish sharqshunos-talabalar zimmasida ekanligini, buning uchun hozirgi sinovli kunlarda uyda qolib, tinmay oʻqish va oʻzlashtirishning zarurati haqida toʻxtalib oʻtdi.
– Sohibqiron Amir Temur bunyod etgan saltanatda ilm-fan, madaniyat oʻz davrining eng oldingi oʻrinlarda boʻlgan. Bugun shunday imkoniyatdan foydalanib, muzeyimizning onlayn muzeyi dasturini institut talabalariga esdalik sifatida qilamiz. Bu dastur orqali institut ustozlari va talabalari muzey fondidagi ekspozitsiyalarni onlayn koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi, – dedi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev.
Onlayn maʼrifiy suhbatda Omonullo Boʻriyev, Qosimjon Sodiqov, Abdumajid Madraimov, Toʻlqin Xayit, Olimjon Davlatov va Farrux Avazov temuriylar tarixi va u davrdagi ilm va madaniyat bilan bogʻliq izlanishlarini bayon etdi. Shuningdek, unda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti katta oʻqituvchisi Yormuhammad Madaliyev boshchiligidagi talabalar ham qatnashdi.
Suhbat yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabalarining Zoom dasturi orqali Temuriylar tarixi davlat muzeyiga onlayn tashrifi ham uyushtirildi.