Maʼnaviyat masalasiga barcha daxldor
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari“ gʻoyasi asosida respublikamizda maʼnaviy-maʼrifiy sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarishning dolzarb masalalari“ mavzuida anjuman boʻlib oʻtdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari“ gʻoyasi asosida respublikamizda maʼnaviy-maʼrifiy sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarishning dolzarb masalalari“ mavzuida anjuman boʻlib oʻtdi.
Unga turli vazirlik va idoralar masʼullari, adib va shoirlar, olimlar, maʼnaviyat fidoyilari, oʻqituvchilar taklif etildi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston fan arbobi, akademik Oqil Salimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari“ degan ezgu gʻoya oʻz zalvori, koʻlami bilan ulkan amaliy saʼy-harakatga aylanib borayotganini taʼkidladi. Yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqan Oʻzbekistonimizda xalq roziligiga erishish, insonga oliy qadriyat sifatida eʼtibor qaratish tobora koʻproq ustuvorlik kasb etmoqda.
Mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu boradagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, xalqimiz ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, maʼnaviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, yuksak vatanparvarlik, istiqlolga sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida“gi qarori asosida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qayta tashkil etildi. Ushbu qarorda belgilanganidek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining raislik qilishi maʼnaviyat va maʼrifat bugungi kunda jamiyat rivojlanishida oʻta muhim masalalardan biri ekanining tasdigʻidir.
Oʻtgan qisqa davrda mazkur sohani tubdan rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning 2 ta qarori, 1 ta farmoni, 1 ta farmoyishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori qabul qilindi.
Markaz tomonidan yuqoridagi qarorlar ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Uning mamlakat miqyosida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichda tizimli va natijali tashkil etishi uchun bugungi kundagi dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda yangi boʻlimlar, tashkiliy targʻibot tizimlari, Multimedia studiyasi tashkil etildi. Shu bilan birga, mazkur tuzilma qoshida dolzarb mavzularda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil qilish, mamlakatdagi yangi davr ruhiga hamohang boshlangan ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik harakati, maqsadli islohotlarni keng xalq ommasiga yetkazish, jamiyatda hamjihatlik tuygʻusini mustahkamlash, bunda ziyolilar, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalari, maʼnaviyat fidoyilari salohiyatiga tayangan holda targʻibot ishini tizimli olib boradigan “Maʼrifat“ targʻibotchilari jamiyati tuzilib, uning tashkiliy va moddiy asoslari yaratildi.
Shuningdek, Prezidentimiz qarori asosida ilgʻor andozalarga tayangan holda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tizimini takomillashtirish, milliy gʻoya va mafkura borasida ilmiy-tadqiqot va uslubiy taʼminot ishlarini tashkil etishning mustahkam tizimini yaratish, zarur ilmiy-uslubiy adabiyotlar, risola va qoʻllanmalar, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, soha mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha yangi samarali tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Maʼnaviyat targʻibotchisi“ nodavlat taʼlim muassasasi ish boshladi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyati uchun barcha zarur vositalarga ega boʻlgan zamonaviy va koʻrkam bino ajratildi. Markazning moddiy taʼminoti, xodimlar ish haqi oshirilib, moddiy ragʻbatlantirildi. Targʻibot tadbirlari uchun zamonaviy axborot texnologiyalari, targʻibot avtobusi va boshqa zaruriy texnik vositalar bilan taʼminlandi. Bularning barchasi markaz faoliyatini bugungi yangi davr ruhi va talablari asosida yuksak darajada tashkil etish, yurtimizdagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni zamon talablaridan kelib chiqqan holda yangi bosqichga koʻtarish imkonini beradi.
Anjumanda maʼnaviyat sohasida qabul qilingan qarorlarda belgilangan muhim yoʻ
nalishlardan kelib chiqqan holda dolzarb masalalar muhokama etildi.
Maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishidagi uzluksiz tizim asosida faoliyatni takomillashtirish, targʻibot tadbirlari samaradorligini oshirish, sohaga oid dolzarb tadqiqot ishlarini tashkil etish, targʻibot vositalari boʻlgan muhim qoʻllanma va adabiyotlar yaratish, bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish, mavjud maʼnaviy tahdidlarga qarshi targʻibot tizimini kuchaytirish, yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlar mohiyatini aholiga yetkazish, hamyurtlarimizning Vatanimizda olib borilayotgan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlariga nisbatan daxldorlik tuygʻusini kuchaytirish borasida muhim taklif va mulohazalar bildirildi, hamjihatlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.