Tojikistonda davlat bayrog‘i kuni nishonlanmoqda
Tojikistonda davlat bayrog‘i konstitutsiya, davlat gerbi va madhiyasi bilan bir qatorda tojik xalqi va mamlakatining ramzi hisoblanadi.
Bu yil COVID-19 pandemiyasi tufayli ushbu bayram ommaviy tadbirlarsiz nishonlanmoqda.
Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror ushlab turilganiga qaramay, Respublika shtabi aholini bayram munosabati bilan bog‘liq ommaviy tadbirlar o‘tkazmay turishga chaqirgan. Shunga qaramay, shahar va qishloqlarda bayram ruhi hukmron.
Tojkiston Prezidenti Emomali Rahmon mamlakat ahlini bayram bilan qutladi. U o‘z tabrigida millat bayrog‘i Tojikistonning tinch va musaffo osmonida abadiy hilpirab turishini tiladi, deb yozadi “Xovar” AA.
Bu yil Tojikiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 28 yil to‘ldi. U 1992 yil 24 noyabrda Tojikiston Oliy Kengashining XVI sessiyasida tasdiqlangan. Tojikiston Prezidentining farmoniga binoan 2009 yildan boshlab har yili 24 noyabr davlat bayrog‘i qabul qilingan kun sifatida bayram qilinadi.
Ta’kidlash joizki, 2011 yil sentyabr oyida Tojikiston Ginneslar rekord kitobiga kiritilgan edi. Tojikiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan Dushanbe shahrida dunyodagi eng baland bayroq o‘rnatilgandi. Mazkur bayroqning balandligi 165 metrni tashkil etadi (avvalgi rekord 162 metr bo‘lib, Ozarbayjonga tegishli edi). Bayroqning bo‘yi 60 metr, eni 30 metr, og‘irligi kamida 700 kilogramm keladi.