Lutfixonim Sarimsoqova tavalludiga 130 yil to‘ldi
San’at va matonatning o‘lmas timsoli:
O‘zbek madaniyati va san’ati osmonida shunday yorqin yulduzlar borki, ularning nuri vaqt o‘tishi bilan xiralashmaydi, aksincha, avlodlar almashgan sari yanada yuksakroq charaqlaydi. 1896-yilda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tavallud topib, qariyb bir asrlik sharafli va murakkab umr guzaron qilgan O‘zbekiston xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqova ana shunday o‘lmas siymolardan biridir. Uning nomi tilga olinganda, ko‘z o‘ngimizda kinoekran va teatr sahnalarida yaratilgan mehribon ona, dono buvi va mushfiq o‘zbek ayolining mumtoz obrazlari gavdalanadi. Biroq bu munis nigohlar ortida qanday mislsiz iroda, temir matonat va san’atga bo‘lgan cheksiz fidoyilik yashiringanini, uning hayot yo‘li faqatgina qarsaklardan emas, balki og‘ir sinovlardan ham iborat bo‘lganini hamma ham anlayvermaydi.
Lutfixonim Sarimsoqovaning san’at cho‘qqisiga chiqish yo‘li ravon kechmagan. Davrning qat’iy qoliplari hukmron bo‘lgan muhitda u yoshligidanoq yetimlikning achchiq nonini totib ko‘rdi. Akasining qaramog‘ida yashashga majbur bo‘lgan qiz, keyinchalik Qambar opa ismli mehridaryo ayolni ona tutinib, uning uyidan panoh topadi. U ham o‘sha davrning oddiy ayollari kabi chor devor ichida kashtachilik va do‘ppi tikish bilan kun kechirardi. Biroq qalbidagi ulug‘vor iste’dod uchquni baribir tashqariga yo‘l izlardi. Mahalladosh qizlar davrasidagi suhbatlarda turli xil kishilarga mohirona taqlid qilib, o‘ziga xos “kichik tomoshalar” uyushtirishi uning tug‘ma aktyorlik qobiliyatidan darak edi.
Uning qo‘ng‘iroqdek jarangdor ovozi va sahnaga bo‘lgan ishtiyoqi 1924-yili Qo‘qon xotin-qizlar havaskorlik to‘garagida yangi o‘zbek teatri asoschilaridan biri Hamza Hakimzoda Niyoziyning e’tiborini tortadi. Hamza unga teatrdan joy taklif qilganida, qizning qalbida ikkilanish paydo bo‘ldi: bir tomonda san’atga tashnalik, ikkinchi tomonda “gap-so‘zga qolish”dan, eskicha qarashlardan cho‘chish... Ammo Hamzaning san’atning yuksak maqsadlari haqidagi so‘zlari uning taqdirini sahna bilan bog‘lashga undadi. Uning Qo‘qon, Andijon va Marg‘ilon teatrlarida boshlangan izlanishlari keyinchalik O‘zbek davlat musiqali teatri va nihoyat o‘zining ikkinchi uyiga aylangan Muqimiy teatrida yuksak cho‘qqiga ko‘tarildi.
Aktrisa hayotidagi birgina voqea uning shaxsiyati va kasbiga sadoqatining naqadar buyukligini namoyon etadi. Spektakl avjida. Lutfixonim Sarimsoqova butun borlig‘i bilan qahramonining dardini yashab, zalni larzaga keltirmoqda. Shu payt sahna ortidan sovuq, mash’um xabar keladi: uning to‘ng‘ich o‘g‘li bevaqt vafot etgan edi. Hamkasblari bu dahshatli xabarni aytishga jur’at etolmay, dovdirab qolishadi. Ammo ona qalbi bilan vaziyatni sezgan aktrisa, ichidan zilzila o‘tayotgan bo‘lsa-da, yuzida hech bir o‘zgarish aks ettirmay, spektaklni davom ettiradi. U parda yopilguniga qadar sahnani tark etmaydi, tomoshabin oldidagi muqaddas burchini shaxsiy fojiasidan ustun qo‘ya oladi! Aynan mana shu mislsiz irodasi, bardoshi sabab butun teatr jamoasi va keyinchalik xalq uni chuqur hurmat bilan “Aya” deya e’zozlay boshlaydi.
Lutfixonim Sarimsoqova xalq san’atiga xos bo‘lgan soddalik va mukammallik, o‘tkir hajv va zakovat, samimiyat va qudratni o‘zida mujassam etgan kamyob fenomen edi. Uning ijodi hayratlanarli darajada keng qamrovli bo‘lib, ijrolarida asosan ikki yo‘nalish yaqqol ko‘zga tashlanardi: Birinchisi – liroepik tarzdagi mushtipar, jafokash onalar obrazi. Uning “Nurxon” spektaklidagi Kimyo obrazi o‘z jigarbandining erkin nafas olishi uchun har qanday qiyinchilikka bardosh beruvchi oqko‘ngil onalarning mumtoz namunasidir. Shuningdek, Oysara (“Gulsara”), Ona (“Halima”), Xalcha xola (“Qurbon Umarov”), Xayri xola (“Oftobxon”), Jamol opa (“Oltin ko‘l”), Risolat chevar (“Muqimiy”), Xadicha xola (“Farg‘ona tong otguncha”) kabi o‘nlab obrazlar shular jumlasidandir.
Ikkinchi yo‘nalish – salbiy va satirik rollar. U “Farhod va Shirin”dagi makkora Yosuman kampir obrazi orqali yovuzlik, razillik va hiylani yuksak badiiy umumlashma darajasiga olib chiqdi. Hamzaning “Maysaraning ishi” asaridagi Maysara obrazida ayol erkini himoya qilgan bo‘lsa, “Paranji sirlari”dagi Mastura satang obrazida, aksincha, butun kuchini ayollar huquqini poymol qilishga sarflovchi xudbin ayolni mohirona gavdalantirdi. Uning iste’dodi shu darajada ediki, u erkaklar rolini ham misli ko‘rilmagan darajada qoyilmaqom o‘ynardi. “Arshin mol-olon” spektaklida Asqar rolini ijro etuvchi aktyor betob bo‘lib qolganda, Lutfixonim uning o‘rniga sahnaga chiqadi. Erkakcha viqor va harakatlarni shu qadar tabiiy talqin qiladiki, birinchi parda davomida tomoshabinlar u yoqda tursin, hatto teatr xodimlarining o‘zlari ham uni tanimaydilar. Shu bilan birga u Karlo Gotssining “Malikai Turandot”ida Adelma, Goldonining “Ikki boyga bir malay” asarida Smeraldina, “Hujum”da Tursun kabi murakkab xarakterlarni ham o‘zbek sahnasida yaratdi.
1937-yili Moskvada o‘tkazilgan o‘zbek san’ati dekadasi “Aya” ijodida yangi sahifa ochdi. Moskva sahnalaridagi “Gulsara” va “Farhod va Shirin” spektakllaridagi ijrolarini mashhur rus opera xonandasi A.V.Nejdanova yuqori baholadi. “Pravda” gazetasi esa uni “katta dramatik talant egasi” deya e’tirof etdi. Aynan shu yili unga O‘zbekiston xalq artisti unvoni berildi. U faqat aktyorlik bilan cheklanmadi. Mohir raqqosa, hozirjavob askiyachi bo‘lish bilan birga, 1939 – 1940-yillarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi dutorchi xotin-qizlar ansambliga tashkilotchilik va badiiy rahbarlik qildi. Uning jarangdor ovozida kuylangan “Kuling”, “O‘zgancha”, “Yor-yor”, “Hakkalakam o‘ynasam man”, “Omon bo‘laylik”, “Qilpillama” kabi xalq ashula va laparlari milliy musiqa san’atimizning oltin xazinasidan mustahkam joy oldi.
Aktrisaning kino san’atidagi yo‘li sahnadagi faoliyatining uzviy davomiga aylandi. U “Qasam” (Ona), “Opa-singil Rahmonovalar” (Sharofat) kabi filmlarida o‘ziga xos qiyofa kasb etdi. “Farzandlar” filmidagi telba ayol roli orqali esa eng kichik va epizodik rolda ham ulkan hayotiy haqiqatni mujassamlashtirish mumkinligini isbotladi.
Aktrisa kinodagi eng buyuk shon-shuhratini “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Mehriniso hamda “Sen yetim emassan” filmidagi Fotima opa obrazlari bilan qozondi. Mehriniso orqali u oddiy, kuyunchak o‘zbek onasining ruhiyatini tabiiy bo‘yoqlarda chizib bergan bo‘lsa, Fotima opa obrazida Ikkinchi jahon urushi davrida 14 nafar turli millatga mansub yetim bolani bag‘riga olgan o‘zbek ayolining oqko‘ngilligi, saxovati va dunyoga sig‘mas mehrini yuksak mahorat bilan tarannum etdi. Qizig‘i shundaki, buncha mehr undagi quruq aktyorlik emas, hayotiy tajriba edi: urush yillarida “Aya”ning o‘zi ham ikki nafar rus bolasini asrab olib, ularga onalik mehrini bergan edi.
Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, Lutfixonim Sarimsoqovaning hayoti va ijodi o‘z Vataniga, kasbiga va xalqiga fidokorona xizmat qilishning eng yorqin timsolidir. Uning barhayot xotirasiga bag‘ishlab suratga olingan “Aya” va “Lutfixon aya” hujjatli filmlari hanuzgacha avlodlarga buyuk ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbek teatri va kinosi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun marhuma san’atkor 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Lutfixonim Sarimsoqovaning eng katta merosi – bu millat xotirasidagi o‘chmas nomi va o‘zining buyuk insoniy fazilatlari bilan toabad “Aya” bo‘lib yashab qolishidir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA