Litvalik rassom ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida litvalik kompozitor va rassom Mikaloyus Konstantinas Chiurlionisning shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Mikalojus Konstantinas Chiurlionis 1875-yil 22-sentabrda Litvaning Varena shahri yaqinidagi Senoji Varena qishlog‘ida tug‘ilgan. U ko‘p farzandli musiqachi oilada voyaga yetgan. Otasi Konstantinas cherkov xodimi bo‘lganligi sababli Chiurlionis yoshligidan musiqa muhitida tarbiyalangan. Uning musiqaga bo‘lgan iste’dodi juda erta namoyon bo‘lgan. Chiurlionis 1900-yillarning boshlaridan tasviriy san’atga jiddiy qiziqa boshladi. Varshavada rassomlik bo‘yicha ta’lim oldi. Shu tariqa u ikki yo‘nalishda, jumladan, musiqa va rassomlikda ijod qilgan noyob san’atkor sifatida shakllandi.

Chiurlionisning rassomlikdagi asarlari ramziy va falsafiy mazmuni bilan ajralib turadi. U tabiat manzaralarini oddiy ko‘rinishda emas, balki insonning ruhiy dunyosi va koinot haqidagi tasavvurlari bilan bog‘lab tasvirlagan. Uning rasmlarida osmon, yulduzlar, quyosh, dengiz, tog‘lar va afsonaviy obrazlar ko‘p uchraydi.

Rassomning «Sonata» turkumidagi asarlari ayniqsa mashhur. «Quyosh sonatasi», «Dengiz sonatasi» va «Yulduzlar sonatasi» kabi asarlarda musiqa tushunchalari tasviriy san’at orqali ifodalangan. Shu sababli uning rasmlarini go‘yo musiqani ranglar va shakllar yordamida ko‘rish mumkin bo‘lgan asarlar sifatida qabul qilishadi.

Mikalojus Konstantinas Chiurlionis musiqa va tasviriy san’atni uyg‘unlashtirgan, o‘ziga xos badiiy olam yaratgan buyuk litvalik ijodkor. Uning merosi Litva madaniyatining muhim qismi bo‘lib, jahon san’ati tarixida ham alohida o‘rin egallaydi.

Ko‘rgazma joriy yilning 8-oktabrigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA