Litsenziyasiz spirt savdosiga kim javob beradi?
Jizzax viloyatida aniqlangan navbatdagi qonunbuzarlik holati tadbirkorlik sohasida nazorat va mas’uliyat masalasi hali-hanuz dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zafarobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar faqat tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan cheklanib qolmay, qonun talablariga ochiqchasiga rioya etmayotgan sub’ektlarni ham fosh etdi.
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, “X. U.” MCHJ rahbari Q. Q. tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan turib, etil spirti savdosi bilan shug‘ullangan. U qonun talablarini chetlab o‘tish maqsadida “K.T.” AJga tegishli tasdiqnomadan noqonuniy foydalanib, spirt mahsulotlari aylanmasini yo‘lga qo‘ygan.
Natijada jami 254 million 600 ming so‘mlik etil spirti noqonuniy ravishda realizatsiya qilingani aniqlandi. Bu kabi holatlar iqtisodiy tartibga putur yetkazishi bilan birga, aholi salomatligi va bozordagi halol raqobat muhitiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Aslida, O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyuldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunida bunday faoliyat qat’iy tartibga solingan bo‘lib, etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasi faqat litsenziya asosida amalga oshirilishi shartligi aniq belgilab qo‘yilgan.
Shunga qaramay, ayrim tadbirkorlar qonunni aylanib o‘tishga urinib kelayotgani tizimdagi nazorat yanada kuchaytirilishi kerakka o‘xshaydi. Eng muhimi, bunday qonunbuzarlik uzoq vaqt davom etgan bo‘lsa, uning oldi olinmagani ortida kimlarning befarqligi yotgani ochiq qolmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu modda etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA