Lavanda – go‘zallik va nafosat ifori
Ayni paytda “Mehrigiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 40 million AQSH dollari qiymatidagi loyiha doirasida 500 gektar maydonda dorivor o‘simliklar yetishtirish va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Namanganda davom etayotgan 65-xalqaro “Gullar festivali” doirasida Pop tumanidagi lavandazorlarga uyushtirilgan press-turda viloyatdagi markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov bu yilgi gullar bayrami mazmunan yanada boyib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani, yangi turizm lokatsiyalari shakllanayotgani, xususan “Lavanda sayli” an’anaviy tadbirga aylanib borayotganini ta’kidladi.

Press-tur ishtirokchilari dorivor va xushbo‘y o‘simliklar yetishtirilayotgan keng maydonlar bilan tanishib, lavanda parvarishi, qayta ishlash jarayonlari hamda uning iqtisodiy samaradorligi haqida batafsil ma’lumot oldi. Mutaxassislarning qayd etishicha, lavanda bir marta ekilganidan so‘ng uzoq yillar davomida hosil beradigan, yuqori qiymatga ega eksportbop ekin hisoblanadi.

Ayni paytda “Mehrigiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 40 million AQSH dollari qiymatidagi loyiha doirasida 500 gektar maydonda dorivor o‘simliklar yetishtirish va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Bepoyon tog‘ yonbag‘irlarida barpo etilgan lavandazorlar festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Binafsha rangga burkangan dalalar nafaqat tabiiy go‘zalligi, balki fotosuratlar uchun o‘ziga xos manzil sifatida ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Tadbir doirasida konsert dasturi ham namoyish etildi. Lavanda iforiga burkangan Pop zaminida tashkillangan bunday ommaviy sayllar Namanganning turizm salohiyatini keng namoyon etish, agroturizmni rivojlantirish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA